Soliq maslahatchilari instituti shakllantiriladi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.
Deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Soliq maslahati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi maqsadi soliq maslahati sohasida o‘zini o‘zi boshqarishning asosiy qoidalarini belgilovchi hamda samarali faoliyat ko‘rsatadigan soliq maslahatchilari institutini shakllantirish, soliq maslahati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, soliq to‘lovchilarga malakali soliq maslahati xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlashdan iborat.
Unga ko‘ra, soliq maslahatchisi assistenti tushunchasi kiritilmoqda. Shuningdek, soliq maslahati xizmati muayyan bilimni talab qiladigan xizmatlar turiga kirganligi inobatga olib “professional xizmatlar” deb foydalanmoqda va ularning ro‘yxati kengaytirilmoqda.

Qonun loyihasi bilan soliq maslahatchilariga soliq tekshiruvi o‘tkazilganda, mijoz (ishonch bildiruvchi) nomidan asoslantirish sifatida soliq maslahati bo‘yicha xulosani mustaqil ravishda taqdim qilish va boshqa shu kabi huquqlar berilmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan samarali faoliyat ko‘rsatadigan soliq maslahatchilari instituti shakllantiriladi.
Deputatlar qonun loyihasi yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirib, uni konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qildilar.
Shuningdek, majlisda “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish faoliyatini xalqaro standartlar asosida tashkil etish, akkreditatsiya natijalari xalqaro darajada tan olinishiga erishish uchun qonuniy asos yaratilmoqda.
Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda amalda bo‘lgan “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlarda akkreditatsiya jarayonlarida manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lib, akkreditatsiya jarayonida betaraflik va xolislik ta’minlanishining qonuniy asoslari yaratilmagan. Sohadagi manfaatdor idoralarning vazifalari va vakolatlari to‘liq ochib berilmagani, akkreditatsiya organi vakolatlari cheklab qo‘yilgani sababli akkreditatsiya natijalarini xalqaro darajada tan olish imkonini bermaydi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan hozirda mavjud akkreditatsiya faoliyatini takomillashtirish, xalqaro standartlar talablariga uyg‘unlashtirish orqali akkreditatsiya organiga qonuniy tus berilib, uning xolisligi va betarafligini ta’minlash bilan birga, akkreditatsiya natijalarini xalqaro maydonda e’tirof etilishiga zamin yaratiladi.
Loyihadagi normalar mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik to‘siqlarni bartaraf etgan holda, respublika eksport salohiyatini oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorida o‘z o‘rnini topishiga imkoniyat yaratadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA