Soliq ma’muriyatchiligida boshqaruv samaradorligining yangi modeli
Bugun davlat boshqaruvida asosiy mezon faqat vazifalarning bajarilishi emas, balki ular qanday natija bergani bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soliq tizimida boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim islohot sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Farmonda belgilangan maqsadlar aniq natija ko‘rsatkichlari bilan bog‘langan. Jumladan, 2030-yilga qadar soliqlarni ixtiyoriy to‘lash ulushini 98 foizga yetkazish, soliq qonunchiligini buzish holatlarining oldini olish va yuqori xavflarni ikki barobar kamaytirish, jami soliq tushumlarini ikki barobar oshirish, soliq xizmatlari sifatini yaxshilash va soliq to‘lovchilarning soliq organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash vazifalari belgilangan.
Bu ko‘rsatkichlar soliq organlari faoliyatini faqat bajarilgan ishlar hajmi bilan emas, balki aniq natija bilan baholash uchun asos yaratadi.
Farmonda soliq xavflarini boshqarish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2026-yil 1-iyuldan soliq xavfi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar to‘g‘risida xabarnoma yuborish tizimi joriy etildi. Agar aniqlangan kamchiliklar bir oy ichida bartaraf etilsa, soliq tekshiruvi o‘tkazilmasligi belgilandi. Bu mexanizmda asosiy e’tibor jazolashga emas, kamchilikni bartaraf etishga qaratilgan.
Boshqaruv samaradorligini oshirishda yana bir muhim yo‘nalish – davlat organining fuqaro yoki tadbirkor murojaat qilgandan keyin harakat qilishi emas, balki mavjud ma’lumotlar asosida ehtiyojni oldindan aniqlay olishi.
Farmonda 2027-yil 1-yanvardan ayrim soliq hisobotlarini proaktiv tartibda shakllantirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha soliqni vakolatli organlar taqdim etgan ma’lumotlar asosida hisoblash va ayrim soliq imtiyozlarini idoralararo axborot tizimlari ma’lumotlari asosida proaktiv tartibda qo‘llash belgilangan.
Bu yondashuv fuqaro va tadbirkorning davlat organi bilan munosabatlarini soddalashtirishga xizmat qiladi. Ya’ni davlatda mavjud ma’lumotni yana bir bor fuqarodan talab qilish o‘rniga, mavjud axborotdan samarali foydalanishga e’tibor qaratiladi.
Natijada ortiqcha hujjatbozlik, takroriy ma’lumot taqdim etish va soliq majburiyatlarini bajarishga sarflanadigan vaqtni qisqartirish imkoni paydo bo‘ladi. Shu ma’noda, proaktiv xizmatlarni – raqamlashtirishning eng muhim amaliy natijalaridan biri bo‘lib, davlat xizmatini fuqaroga yaqinlashtiradi.
Farmonda 2026-yil 1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etilishi belgilangan. Mazkur indeks orqali soliq to‘lovchilar xizmatlardan foydalanish imkoniyati va qulayligi, xizmatlar sifati, soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini baholash imkoniga ega bo‘ladi. Yangi tizimni faqat texnologiya yoki tashkiliy o‘zgarishlar bilan barpo etib bo‘lmaydi. Islohotning amaliy natijasi, avvalo, uni amalga oshiradigan kadrlarning salohiyati ham muhim ahamiyatga ega.
2026/2027 o‘quv yilidan Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi, Malaka oshirish va kompetensiyalarni rivojlantirish markazi hamda Soliqqa oid tadqiqotlar markazini tashkil etish belgilangan. Xalqaro malaka darajalari va sertifikatlarga ega xodimlarni rag‘batlantirish mexanizmlarining joriy etilishi ham kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Ayniqsa, Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan birgalikda meritokratiya tamoyiliga asoslangan Inson resurslari salohiyatini oshirish (HR Capacity Development) strategiyasini ishlab chiqish vazifasining belgilanishi e’tiborga molikdir.
Demak, kadrlar siyosatida ham asosiy e’tibor lavozimni to‘ldirishga emas, zarur kompetensiyani shakllantirish va natijaga yo‘naltirilgan inson resurslarini rivojlantirishga qaratilmoqda.
Shu ma’noda, mazkur farmonni soliq sohasidagi o‘zgarishlar majmui sifatidagina emas, balki boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan yaxlit islohot sifatida baholash mumkin.
Chunki samarali boshqaruv ko‘proq nazorat qilish emas, xavfni oldindan ko‘rish, ko‘proq hujjat talab qilish emas, ma’lumotdan samarali foydalanish, ko‘proq jarayon yaratish emas, ortiqcha jarayonni qisqartirish, eng muhimi, fuqaro va tadbirkor uchun aniq natija yaratishdir.
Hayotbek AKBAROV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Andijon filiali boshlig‘i o‘rinbosari.
O‘zA