Toshqindan zarar koʻrgan har bir oila qatori Solim qishlogʻi aholisi ham 40 million soʻmdan va yana maishiy jihozlar uchun 10 million soʻmdan mablagʻ bilan taʼminlandi.
Mirzaobod tumani Haqiqat mahalla fuqarolar yigʻini Solim qishlogʻidagi baʼzi fuqarolar toshqin bosgan uylarining oʻrniga yangi hududdan joy ajratilganidan norozi boʻlib, murojaat bilan chiqdi. Ushbu murojaatni zudlik bilan oʻrganib, bartaraf etish maqsadida Sirdaryo viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari A.Karimov boshchiligida viloyat va tumanning mutasaddi rahbarlari sayyor suhbat oʻtkazish uchun mahallaga yetib bordi.
Solim – “Sardoba” suv ombori toshqinidan jiddiy zarar koʻrgan Mirzaobod tumanidagi qishloqlardan biri. Bu yerdagi loydan qurilgan uylarning devorlari toshqin natijasida yiqilib, koʻpining faqat poydevori qolgan, xolos. Bu yerda yashashning iloji boʻlmaganligi sabab aholining asosiy qismi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Evakuatsiya qilinganlar oziq-ovqat, koʻrpa-toʻshak va boshqa kundalik zarur mahsulot va jihozlar bilan muntazam ravishda taʼminlanib kelinayapti. Solimlik qariyalar mamlakatimizdagi eng yaxshi sanatoriyalarga yuborilgan boʻlsa, bu yerlik oʻquvchi-yoshlar bolalar yozgi dam olish oromgohlarida dam olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berildi.
Toshqindan zarar koʻrgan har bir oila qatori Solim qishlogʻi aholisi ham 40 million soʻmdan va yana maishiy jihozlar uchun 10 million soʻmdan mablagʻ bilan taʼminlandi. Har bir oilaga koʻp qavatli uylar qurilishi jadal surʼatlar bilan olib borilmoqda. Hukumatimiz tomonidan, jumladan solimliklarga ham koʻp qavatli uydan oilasiga qarab xonadon ajratilib, u yerda ayni paytda qurilish avjida.
Bundan tashqari, tomorqaga ekilgan ekinlarni sugʻorish uchun noqulay boʻlgan, tartibsiz eski uy-joylari oʻrniga, har tomonlama, sugʻorishga ham, savdoga ham, katta yoʻlga ham yaqin qulay joylardan yer olish huquqi berildi. Shu qishloq aholisining bandligini taʼminlash maqsadida yangi loyiha asosida mahallaga va katta yoʻlga yaqin joydan tikuvchilik fabrikasi qurilishi uchun joy ajratildi.
...Lekin hammani birdaniga, birdek koʻnglini olib boʻlmas ekan. Xalqimizning koʻpdan koʻp gap chiqadi, degan naqli ehtimol shunga aytilgan boʻlsa, ajab emas. Solim qishlogʻidagi ayrim fuqarolar qurilayotgan koʻp qavatli uylarga ega boʻlish bilan birga, yana oʻzlari ilgari yashagan eski uylari oʻrnini, boshqa, sal naridagi sharoiti avvalgidan koʻra sugʻorish tizimi uchun ancha oʻngʻay yerlarga alishishni xohlamay murojaat qilganlari suhbat chogʻida maʼlum boʻldi.

Avvalgi eski uylaridagidek tomorqa sugʻorish muammosi boʻlmagan, sharoiti har tomonlama sugʻorishga ham, dehqonchilikka ham qulay joydan berilayotgan boʻlsa, eski uylaridek tartibsiz boʻlmay reja asosida boʻlsa, koʻchalar tekis ravon boʻlishi haqida ham tushuntirilgan boʻlsa, qolaversa, eng muhimi, oʻz tomorqasida yetishtirgan mahsulotini sotishlari uchun mahallaga yaqin joyda qurilishi rejalashtirilgan “EKO bozor”, yaʼni yangi qovun bozori va aholining dam olishi uchun qurilajak bogʻ haqida ham yigʻilganlarga viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A.Karimov tomonidan atroflicha tushuntirish berilgan boʻlsa, yana nimadan ular norozi boʻlayotganlaridan har qanday kishi hayratga tushishi tabiiy.
Viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A.Karimov, murojaatchilarning maqsadi bilan qiziqdi.
Norozi boʻlgan fuqarolarning aytishicha, ularning ayrimlari (asosan norozilik bildirayotganlari, albatta) gʻisht, sement va boshqa shu kabi qurilish materiallarini eski uylari oʻrniga allaqachon olib borib qoʻyishgani, endi bu materiallarni yangidan berilayotgan joyga oʻtkazish uchun yana xarajat qilishni istamayotganlarini taʼkidladi.
Mirzaobod tumani hokimi H.Abdullayev ularning qurilish materiallarini yangi berilgan joyga xarajatsiz tashib oʻtkazib berishni toʻla-toʻkis oʻz zimmasiga oldi. Shundan keyin, eski joyni yangisiga almashtirishni istamayotgan fuqarolar tinchlanib, murojaatlarini tinglab, muammolarini joyida hal qilib bergani uchun viloyat va tuman hokimliklariga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Yigʻilish soʻngida, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga va koʻtargan boshqa murojaatlariga ham ular bilan suhbatga kelgan viloyat va tuman mutaxassislaridan batafsil javob oldi.