Sohibqironning tobuti qayerda saqlanmoqda?
Vatanimiz tarixida yurt ravnaqi uchun kurashgan milliy qahramonlar koʻp.
Vatanimiz tarixida yurt ravnaqi uchun kurashgan milliy qahramonlar koʻp. Ular orasida Amir Temur oʻzi yaratgan buyuk saltanat davlatchiligi tarixida oʻchmas iz qoldirdi.
Uning buyukligi shundaki, tarix Temurga Markaziy Osiyoni birlashtirishdek burchni yukladi. Sohibqiron oʻz gʻoyalarini amalga oshirish uchun 35 yil otdan tushmay jang qildi. Oxir-oqibat bu vazifani ortigʻi bilan bajarib, keksalik chogʻida vafot etdi.
Bugungi kunda Samarqand shahridagi Oʻzbekiston madaniyati tarixi muzeyida noyob eksponat – Sohibqironning soʻnggi yoʻliga hamrohlik qilgan tobut saqlanadi. Ushbu yogʻoch tobut 1941-yilning iyun oyida temuriylar xilxonasi – Goʻri Amir maqbarasida akademik Qori Niyoziy boshchiligida oʻtkazilgan ekspeditsiya payti aniqlandi. Toshtaxta tagidagi tobut asrlar davomida Sohibqiron jasadini saqlab keldi.
U 1942-yilda Akmal Ikromov nomidagi Samarqand Davlat badiiy memorial muzeyi qoʻriqxonasi fondiga saqlash uchun topshirildi. Uning qopqogʻi va zarpoʻshi ham mavjud.
Zarpoʻsh zarrin iplar bilan bezatilgan boʻlib, unda “Qurʼon” oyatlari bitilgan. Hozirda bu matoning faqat ayrim qismlarigina saqlangan.
SALTANAT TAXTINI TOBUT TAXTASIGA ALMASHDI
Oʻzining “etti yillik yurish”ini yakunlab, ortga qaytgan Sohibqiron 1404-yil iyulda Samarqandga keldi. Shu yilning kuzida Xitoy yurishiga tayyorgarlik koʻra boshladi. Ushbu yurishga saltanatning turli taraflaridan ikki yuz ming otliq va piyoda askar toʻplandi. Olib boriladigan jang tafsilotlari sinchiklab muhokama qilindi. Bor-yoʻgʻi besh oy dam olgan Amir Temur 1404-yil 27-noyabrda poytaxt Samarqanddan chiqdi va oʻzining eng oxirgi harbiy yurishi – Xitoy yurishiga ketdi. Biroq Sohibqironning Xitoyga yurishi Jaloliddin Manguberdining otasi Xorazmshoh Muhammadniki kabi amalga oshmay qoldi.
Oʻtrorga kelgan Temur 1405-yil 11-fevralda oʻzini noxush seza boshladi. Sohibqironning darhol issigʻi koʻtarildi. Davrining eng mohir tabiblaridan biri, sohibqironning barcha safarlaridagi doimiy hamrohi Mavlono Fazlulloh Tabriziy muolaja qilganiga qaramay, ahvol yaxshilanish oʻrniga ogʻirlashaverdi. Natijada kasallikning yangi alomatlari paydo boʻldi. Biroq Temurning aqlu xushida nuqson yoʻq edi. Betobligiga qaramay, u lashkarning ahvolidan xabardor boʻlib turdi. Umri poyoniga etganini anglagach, oʻz yoniga yaqinlarini yigʻib, vasiyatini eʼlon qildi.
Buyuk saltanat asoschisi 1405-yil 18-fevral kuni namozshom bilan xufton orasida, “Tavhid” kalimasini takror-takror aytib, hayotdan koʻz yumdi. Bu voqeani tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy quyidagicha qayd etadi: “U (Amir Temur) lashkarni boshlab borish va oʻlkalarni zabt etish samani egaridan podshohlik va hukmdorlik taxtiga ham safar chogʻida koʻtarildi. Er yuzi saltanati bilan safar vaqtida Haq daʼvatini qabul qilib, (vidolashdi) va shohlik taxtini Allohning tuganmas rahmati tobuti bilan almashdi”.
TEMURNING VAFOTI SIR SAQLANGAN
Xitoy ustiga yurish Sohibqiron vafoti tufayli bekor qilindi. Uning jasadini Samarqandga olib borib dafn etishga kelishildi. Sohibqironning jonsiz tanasiga har xil xushboʻy suyuqliklar sepilib, tobutga solingach, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan taxtiravonga joylashtirildi.
Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, karvon oqshom payti yoʻlga tushdi. Karvon oʻzi bilan Amir Temurning jasadini olib ketayotganligini yashirishi, goʻyoki malikalardan birini olib ketayotgandek koʻrsatishi kerak edi. Shuning uchun hech kimga motam libosini kiyishga ruxsat berilmadi.
Bir necha kundan soʻng mazkur karvon Samarqandga etib keldi. Sohibqironning jasadi karvon etib kelgan kunning oqshomida yashirin ravishda qabrga dafn etildi. Samarqandliklar Amir Temur vafotidan bexabar qoldilar. Shaharliklar bu mashʼum voqeadan keyinroq xabar topdilar. Sohibqiron vafoti munosabati bilan motam marosimlari boshlandi. Amir Temur Muhammad Sulton xonaqosiga dafn etilgandi. Biroq tarixchi Ibn Arabshoh bu voqealarni boshqacharoq tasvirlaydi.
Ibn Arabshoh oʻz asarida Temur dafn etilgan joyning ichki tuzilishi haqida ham maʼlumotlar beradi. Asarda aytilishicha, Temurning qabri ustiga uning qimmatbaho liboslari yopilgan. Xonaning devorlariga esa uning jangovar aslahalari va yaroqlari osib qoʻyilgan. Gumbazning shiftida qimmatbaho qandillar osilib, maqbaraning ichiga ipak va baxmal gilamlar toʻshab qoʻyilgan.
Maqbaraga Qurʼondan oyatlar oʻqib turish uchun maxsus shayxlar, qoʻriqlash uchun qorovullar belgilanib, ularga maosh tayinlangan. Maqbara ichidagi shariatga toʻgʻri kelmaydigan oshiqcha narsalar keyinchalik Temurning oʻgʻli Shohrux Mirzo tomonidan olib tashlangan.
BESH ASR OʻTIB OCHILGAN QABR
Tarixchi Amriddin Berdimurodovning “Goʻri Amir maqbarasi” risolasida qayd etilganidek, 1941-yil sobiq Ittifoqda jahon ahamiyatiga molik ikki voqea sodir boʻldi.
Bu ikki voqea bir-biridan juda yiroqda sodir boʻlgan boʻlsa-da, koʻpchilik orasida ikkinchi voqea birinchisining oqibatida kelib chiqdi, degan mish-mishlar paydo boʻldi.
Birinchi voqea 16-iyundan 24-iyungacha temuriylar xilxonasida boʻlib oʻtdi. Ikkinchisi esa sobiq Ittifoq va Polshaning sarhadlarida 22-iyunning tongida nemis-fashist bosqinchilarining bostirib kirishi bilan yuz berdi.
Xalq oʻrtasida jahongirning vafoti haqida koʻplab rivoyatlar yurardi. Ayrimlar Goʻri amir maqbarasida Amir Temur dafn etilmagan, bu qalbaki qabr, haqiqiysi esa boshqa joyda deb hisoblardi. Yana boshqa rivoyatlarga koʻra, Sohibqironni oʻgʻillari son-sanoqsiz boyliklar bilan dafn etgan emish.
1941-yil 19-iyun, payshanba kuni tarixda birinchi marta Amir Temur qabrini ochishga kirishildi, ustidagi ogʻir marmartosh olindi. Bu ish 20-iyun kuni ham davom ettirildi. Lahadning ichidan Amir Temurning archadan yasalgan tobuti koʻrindi.
Tobutning ustiga qoramtir koʻkish rangli mato yopilgan edi. Tobutning rangi qoramtir, yogʻochlari baquvvat, silliqlangan taxtadan yasalgan boʻlib, alohida qopqogʻi ham bor edi. Tobutning toʻrt burchagida toʻrtta oyoqchasi boʻlib, uni zax erga tegib turishdan asrardi.
Tobutni yasagan ustalar uni mustahkamlash uchun toʻrt burchakli temir mixlardan foydalanganlar. U anchayin yaxshi saqlangan.
21-iyun, shanba kuni ham ishlar davom ettirildi. Tobutning qopqogʻi, ustidagi gazlama qoldiqlari bilan ohista koʻtarib olingach, Amir Temurning jasadi koʻrindi. Sohibqiron qaddining balandligi 170 santimetr edi.
Alisher EGAMBERDIYEV,
Oʻzbekiston Milliy universiteti
Tarix fakulteti talabasi