Sog‘lom va barkamol yoshlar kamol topmoqda
Sport o‘g‘il-qizlarda kuchli iroda, g‘alaba va maqsad sari intilish fazilatlarini tarbiyalashda, ularning qalbiga vatanparvarlik, el-yurtga sadoqat, faxr-iftixor kabi tuyg‘ularni singdirishda muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda sport, jumladan, bolalar sportini rivojlantirish, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor navqiron avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, kuchli, mard va qat’iyatli bo‘lib kamolga yetishiga xizmat qilmoqda.
Buni poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Barcha zarur sharoitga ega mazkur maktabda tashkil etilgan 12 sport turi – futbol, boks, karate, dzyudo, badiiy gimnastika, yunon-rum kurashi, qilichbozlik, og‘ir atletika, stol tennisi, muay-tay, milliy sport turlaridan milliy kurash, bel olish kurashi seksiyalarida 700 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Ularga 26 nafar murabbiy ushbu sport turlari sirlarini o‘rgatmoqda.

– bugungi kunda bolalar, ayniqsa, ota-onalarning sportga munosabati butunlay o‘zgardi. Endilikda aksariyat ota-onalar sportga farzandlari sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘ayishining asosiy omili sifatida qaramoqda. Maktabimizda sport bilan shug‘ullanuvchi o‘g‘il-qizlar safi yildan-yilga kengayib borayotgani ham buni tasdiqlaydi, – deydi maktab direktori Dilshod Mahmudov. – Bolalarning ko‘zlaridagi ishtiyoq, o‘ziga bo‘lgan ishonch har qanday kishining havasini keltiradi. Chunki ularning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha imkoniyat yaratilgan.
Maktabda o‘g‘il-qizlarning sport turlarini puxta o‘zlashtirishi uchun tajribali murabbiylar jalb etilgan. Futbol maydoni, yopiq sport zali, tibbiyot, yuvinish xonalari ular ixtiyorida. Majmuada mashg‘ulot o‘tish uchun barcha sport anjomlari bilan ta’minlangani mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish imkonini bermoqda.
Shuningdek, joriy yilgi mavsumda mazkur sport maktabi shug‘ullanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Uchtepa tumani hokimligi tomonidan maktab binosi qayta ta’mirlab berildi. Ta’mirlash doirasida tashqi-ichki fasad hamda kanalizatsiya tizimi, yoritish tizimi, imkoniyati cheklangan insonlar uchun imkoniyatlar maktab mablag‘lari tomonidan yangilandi.
Bu yerda bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning salomatligi, jismoniy va ruhiy holati muntazam qayd etib boriladi. O‘tgan yilgi tibbiy ko‘rik natijalari o‘g‘il-qizlarning bo‘yi o‘sgani, vazni me’yorlashganini ko‘rsatdi. Sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan bolalar tez-tez uchrab turadigan kasalliklarga chalinmayotgani ota-onalarni xursand qilmoqda.
Maktab tarbiyalanuvchilari o‘zlari tanlagan sport turlarida yuqori natijalarga erishmoqda.
Jumladan, boks, erkin kurash, karate, dzyudo va to‘garaklariga qatnovchi o‘g‘il-qizlarning erishayotgan natijalariga havas qilsa arziydi. 2020-2021 yilgi sport mavsumida maktab tarbiyalanuvchilaridan qariyb 150 nafari O‘zbekiston chempionati va kuboklarida shohsupaga ko‘tarildi va 57 nafar sportchi O‘zbekiston terma jamoa a’zosiga aylandi.

Uchtepa tumani 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Shohjahon Abdullayev, muaytay bo‘yicha dunyo birinchiligi bronza medali sohibi, 7 karra mamlakat chempioni Muhriddin Sayfullayev, mazkur sport turi bo‘yicha jahon chempioni Sobit Oqilbekov, karate (WKF) sport turi bo‘yicha xalqaro musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilgan Tengiz Abdunabiyev, Bexruz Abduvahobov, Asilbek Sagatov kabi umidli sportchilar kamol topmoqda.
– Shogirdlarimning hammasi iqtidorli, o‘ziga nisbatan ishonchi baland. Lekin bolalarning sportda natijaga erishishi faqat jismoniy mashg‘ulotlarga bog‘liq emas, – deydi muaytay bo‘yicha murabbiy Ahmadjon Mirzayev. – Shu bois, mashg‘ulot davomida ularni ruhiy jihatdan chiniqtirishga, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini o‘stirishga, oilada o‘zini tutishi, maktabdagi darslarini o‘zlashtirishini nazorat qilishga ham alohida e’tibor qaratamiz. Murrabiylik faoliyatim davomida 200 dan ortiq mamlakat va bir qator jahon chempionlarini kamol toptirdim. Bu natijalarga erishishimizda mamlakatimizda sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sport maktabining yunon-rum kurashi bo‘yicha to‘garagida 4 yildan beri shug‘ullanib kelayotgan 14 yoshli Jaloliddin Sunnatov ushbu sport bo‘yicha poytaxtimiz chempioni, bel olish va uch kurash sport turi bo‘yicha mamlakat chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritdi. U yosh bo‘lishiga qaramay yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, g‘ururlanmasligi, o‘zini tutishi, muomalasidan sport farzand tarbiyasida nechog‘li ahamiyatga ega ekaniga amin bo‘ldik.
– Oilamizda sog‘lom turmush tarziga jiddiy e’tibor qaratamiz, shu sababli ham farzandimni bolalik chog‘idan sportga oshno qilib o‘stirmoqdaman, – deydi Jaloliddinning onasi Nilufar Toliboyeva. – O‘g‘lim sport bilan shug‘ullangandan beri tartib-qoidaga, tozalikka, darslarni o‘zlashtirishga yanada mas’uliyat bilan qaraydigan bo‘ldi. Asosiysi, u sog‘lom bo‘lib o‘sayapti. Ota-ona uchun bundan ortiq baxt yo‘q. Shuningdek, o‘g‘lib musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilib murabbiylari va bizning ishonchimizni oqlamoqda. Nasib etsa, jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya hamda Osiyo o‘yinlarida ham g‘alaba qozonadi. Uning bu marralarga chiqishida murabbiyi Mansur Jabborovning hissasi katta.
Ha, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida tarbiyalanayotgan minglab o‘g‘il-qizlar chempion bo‘lishni maqsad qilgan. Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish, yoshlar kamoloti yo‘lida yaratilayotgan imkoniyatlar ularning ezgu niyatlariga erishishi uchun qanot bo‘lishi shubhasiz.

Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA