Sog‘lom raqobat muhitini yaratish yo‘lida
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni yaratishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ushbu Qonun loyihasi 2025 yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shu jumladan, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida biznes yuritishni yengillashtirish yuzasidan belgilab berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagilar nazarda tutilmoqda. Xususan:
– kelgusi yilda asosiy soliq turlari, jumladan, foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq, qo‘shilgan qiymat solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq turlari bo‘yicha stavkalar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda;
– mobil aloqa xizmatlari sohasiga investitsiyalar miqdorini ko‘paytirish, mobil aloqa va internet xizmati sifatini oshirish maqsadida mobil aloqa operatorlari uchun aksiz solig‘i bekor qilinmoqda;
– mahalliy byudjetlar daromadini oshirish, ish o‘rinlarini legallashtirish hamda soliq bo‘yicha Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar vakolatlarini oshirish maqsadida ularga yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy belgilangan miqdorlardagi stavkalarini faoliyat turi va joylashgan hududiga qarab belgilash vakolati berilmoqda;
– yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollagan xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki o‘zlari uchun belgilangan qat’iy soliqning 50 foizini to‘lash huquqini berish hamda bozor va savdo komplekslarida faoliyat yuritayotgan yakka tadbirkorlarning yollagan xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish kabi normalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining maqsadi 2025 yilgi soliq siyosatini takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlashdan iboratdir. Qonun loyihasi qabul qilinishi tadbirkorlik sub’ektlariga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga soladi.
Rahmatillo Shukurov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA