Sog‘lom g‘oyalar sog‘lom fikrlashga undaydi
Munosabat
Sog‘lom tanda sog‘ aql deganlariday, sog‘lom g‘oyalar ham xalq farovonligini yuksaltiradigan va mamlakatni oldinga yetaklaydigan lokomotivdir. Biz buni o‘z hayotimizda, kundalik turmushimizda ko‘rib turibmiz. Kecha erishgan yutuqlarimizni o‘z qarichimiz bilan o‘lchar va shunga ham xursand bo‘lardik. Bugun esa bu o‘lchovga jahon andozalari tarozi bo‘layapti, erishayotgan yutuqlarimiz dunyoning xalqaro institutlari va reytinglari bilan o‘lchanyapti.
Olinayotgan natijalarga ko‘ra faxrlansak arziydigan ham moddiy, ham ma’naviy bisot to‘playotganimizdan, “Yangi O‘zbekiston” iborasining yangicha mazmun kasb etayotganidan, real asosga qo‘yilayotganidan mamnunlik va shukronalik hissi bilan yashayapmiz, mehnat qilyapmiz.

Uzoqqa bormaylik. Yaqindagina bo‘lib o‘tgan saylovlar, unda xalqimiz saylagan deputatlar, parlament tarkibini ko‘zdan kechiraylik. Unda demokratik islohotlarning natijasini, mamlakatni boshqarishda Prezidentga va hukumatga yaqindan yordam bera oladigan sog‘lom kuchlar to‘plangani, milliy kadrlarning yangi zaxirasini ko‘ramiz.
Har galgiday mamlakatimiz rahbarining deputatlar va senatorlar oldidagi chiqishini diqqat bilan kuzataman, aytilgan so‘zlarning mag‘zini chaqishga urinaman. Yurakdan o‘tkazgan ilk o‘yim shu bo‘ladi: biz demokratik islohotlarni yanada takomillashtirish yo‘lidan dadil bormoqdamiz...
Prezidentimiz tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlarni ko‘paytirish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish, vazirliklar bilan yaqindan hamkorlik qilish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, g‘oyalar kurashini, siyosiy partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni jonlantirish, parlament a’zolariga qo‘shimcha huquqlar berish, barcha yo‘nalishlarda sifatli nazorat tizimiga o‘tish, investitsiya dasturlarini tayyorlashga jiddiy ko‘maklashish, daromad solig‘ining kamida 50 foizini tuman va shaharning o‘zida qoldirish, jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha parlament komissiyasi tashkil etish singari ko‘plab yangi takliflar ilgari surildi.
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qilishi, Kengash so‘rovi va Kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar, yangilangan Konstitutsiya asosida birinchi marta aralash saylov tizimining joriy etilishi bilan ijro organlari faoliyati ustidan nazoratning kuchaytirilishi va davlat boshqaruvining quyi bo‘g‘inga tushirilishi demokratik islohotlarning yaqqol ko‘rinishi bo‘ldi.
Uzoq yillardan buyon ta’lim sohasida ishlab kelayotgan inson sifatida ayta olamanki, jamiyat rivoji sog‘lom fikrlashga, har bir voqelikka adolatli munosabatga bog‘liq bo‘lib turadi. Shuning uchun ham rahbarimiz o‘z chiqishlarida aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishni, yosh avlod ongiga qonunga hurmat, to‘g‘rilik va halol mehnat tushunchalarini singdirish lozimligini takror-takror yodimizga soladi.
Prezidentimiz tomonidan o‘rtaga tashlangan bu g‘oyalarning barchasi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy muammolarni yuksak madaniyat bilan hal etishga qaratilgan va ular, albatta, amalga oshadi.
Buning uchun barchamiz fidokorona mehnat qilishimiz, qat’iy intizom va tartib bilan ish olib borishimiz, faoliyatimizni tanqidiy baholashga o‘rganishimiz zarur. Bu shiddatli maydonda har kimning – yoshlarning ham, o‘rta yoshdagilarning ham, yoshi ulug‘larning ham, mahalliy Kengashlaru jamoat tashkilotlarining ham o‘z o‘rni va qiladigan ishlari bor. Zero, amalga oshirilayotgan demokratik va xalqparvar islohotlar bizdan shuni talab etmoqda.
Suyun KARIMOV,
Samarqand davlat universiteti professori,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
yoshlar murabbiysi.
O‘zA