Sog‘lom, bilimli yoshlar – yurt tayanchi
Milliy gvardiya qo‘mondoni Navoiy viloyatida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Aholi muammolarini aniqlash va o‘rganish maqsadida Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor Rustam Jo‘rayev boshchiligidagi idoralararo ishchi guruh a’zolari Navoiy viloyatida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish asnosida shahardagi 5-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda IT-texnologiyalari, ingliz va xitoy tillaridan saboq olayotgan, kurash sporti, milliy taomlar, tikuvchilik va novvoylik kabi kasb-hunarlarni o‘rganayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.


Navoiy shahridagi sport majmualarni qo‘shimcha anjomlar bilan jihozlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi. Ish guruh a’zolari shahardagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda harbiy-vatanparvarlik mashg‘ulotlarini ham kuzatishdi. "Yosh gvardiyachilar" o‘rtasidagi sport musobaqalarida mazkur muassasa o‘quvchilari erishgan yutuqlarining taqdimotida ushbu maktab sport zali sig‘imi kichikligi ta’kidlanib, kurashchilar uchun zamonaviy inshoot qurish masalasi ilgari surildi.
Shuningdek, Navoiy viloyati Milliy gvardiya xodimlariga yoshlarni ta’limga yo‘naltirish, har tomonlama komil inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun sport seksiyalari tashkil etish, yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishga qaratilgan dasturlarning ijrosi to‘liq ta’minlanishi yuzasidan tegishli vazifalar yuklatildi.



Davron Jumanazarov,
Milliy Gvardiya axborot xizmati rahbari.