Sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish – dolzarb vazifa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish – bugungi kunning dolzarb vazifasi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yo‘nalishda olib borilgan tadbirlar doirasida tegishli tibbiyot muassasalarida bir qator axborot tizimlari, jumladan, “Elektron poliklinika”, “TMEK”, “Narkologik dispanser”, “Psixologik dispanser”, “Bemor”, “Emlash”, “Xatlov”, “Tug‘ilish va o‘lim”, “PSR-test tizimi” va boshqalar ishga tushirilgan.
Aholi o‘rtasida patronaj tekshiruvlarini optimallashtirish, xavf guruhlariga ajratish maqsadida “Xatlov” elektron tizimi ishga tushirildi. Tizimda 30 million nafar aholining ma’lumotlari shakllantirildi.
“Elektron poliklinika” axborot tizimiga 423 ta birlamchi tibbiyot muassasasi ulanib, 10 ming 546 nafar tibbiyot xodimi ro‘yxatdan o‘tkazildi hamda 9 million nafarga yaqin bemor haqidagi ma’lumotlar shakllantirildi. Shifokorlarning ish jadvalini onlayn ko‘rish va ularning qabuliga masofadan yozilish imkoni yaratildi.
– Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash hisobini yuritish bo‘yicha “Emlash.uz” tizimi ishga tushirildi, – dedi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov. – Tizimda 5,4 ming nafar foydalanuvchi tomonidan 4,1 million nafar aholining ma’lumotlari shakllantirildi hamda emlanganlik to‘g‘risida onlayn sertifikat olish imkoniyati yaratildi.
Koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar va poliklinikalarda bemorlar, tibbiyot xodimlari, tarqatilayotgan dori vositalari, tibbiy uskunalar harakati va hisobini olib borishga imkon beruvchi “bemor.ssv.uz” tizimi ishga tushirildi. Tizimda 1 640 ta tibbiyot muassasasi bo‘yicha 19 342 nafar foydalanuvchi yaratilib, 270 ming nafardan ortiq bemorning ma’lumotlari shakllantirildi.
Ruhiy kasalliklar dispanseri, narkologiya dispanseri hisobida turganlik va nogironlik to‘g‘risidagi (TMEK) ma’lumotlar raqamlashtirildi va Elektron hukumat tizimiga integratsiya qilindi. Bu boradagi ma’lumotlarni onlayn olish imkoniyati yaratildi va uning natijasida qog‘ozbozlikka chek qo‘yildi.
Bundan tashqari, Kanada, Avstriya, Litva, Koreya Respublikasi, Estoniya davlatlari tajribasi o‘rganilib, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish strategiyasining loyihasi ishlab chiqildi.
Matbuot anjumanida sog‘liqni saqlashni raqamlashtirishda ko‘zda tutilgan istiqbolli yo‘nalishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Xususan, sohada axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yagona strategiyani ishlab chiqish ishlari, jumladan, raqamli sog‘liqni saqlash platformasini yaratish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilaydigan yangi tizimlarni yo‘lga qo‘yish, tibbiyot muassasalarning axborot texnologik infratuzilmasini rivojlantirish, sohadagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlash, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish kabi masalalar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilda “Elektron order”, “Telemeditsina”, “Tibbiy jihozlar hisobi”, “Kadr resurslari”, “Onlayn o‘qitish”, “Tibbiy sug‘urta” kabi tizimlarni hamda mobil ilovalarni ishga tushirish ham rejalashtirilgan. 2022–2025 yillarda yagona elektron tibbiy karta, elektron shifoxona, elektron retsept, laboratoriya va radiologiya hamda sun’iy intellektga asoslangan tizimlar amaliyotga joriy etiladi.
Tadbir davomida axborot tizimlarining tibbiy xizmat sifatini oshirishdagi muhim roli, raqamlashtirish natijasida tibbiy xizmatlar va umuman sog‘liqni saqlash sohasi samaradorligi va tezkorligi ko‘rsatkichlari yaxshilanishi ta’kidlandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA