“So‘g‘diyona” yana 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati Coca-Cola Superligasining 16-tur o‘yinlari start oldi. Ushbu tur o‘yinlaridan biri Jizzax shahrida maydon egalari “So‘g‘diyona” jamoasi va turnir jadvalida ulardan bir pog‘ona pastda borayotgan Navoiyning “Qizilqum” klubi o‘rtasida o‘tkazildi.
O‘yin kutilganidek jizzaxliklarning hujumlari bilan boshlandi. Uchrashuvning 38-daqiqasiga kelib bu ustunlik amalda isbotlandi. “So‘g‘diyona” to‘purari Shohruz Norxonovning ajoyib uzatmasidan so‘ng jizzaxliklar yarim himoyachisi Daniel Nasriddinov “Qizilqum” jamoasining tajribali darvozaboni Ignatiy Nestrov darvozasini ishg‘ol etib, hisobni 1:0 ga yetkazdi.
Tanaffusgacha har ikkala jamoada gol kiritish uchun imkoniyatlar bo‘lsada, buning uddasidan chiqa olishmadi.
Uchrashuvning 2-bo‘limi ham Ulug‘bek Baqoyev boshchiligidagi “So‘g‘diyona” futbolchilarining hujumlari bilan boshlandi. Uchrashuvning 64-daqiqasida maydon egalarining serbiyalik legioneri Luka Chermel ajoyib zarba yo‘llab, “Qizilqum” darvozasini yana bir bor ishg‘ol etdi – 2:0.
Ana shu hisobdan so‘ng jizzaxlik futbolchilar o‘yinida biroz susayish sezildi. Navoiy viloyati futbolchilari esa aksincha, hujumga o‘tdi. Uchrashuvga hakamlar tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda jarima maydoni ichida to‘p jizzaxlik himoyachilardan birining qo‘liga tegdi va natijada uchrashuv hakami Ilgiz Tantashev “So‘g‘diyona” darvozasi tomon 11 metrlik jarima to‘pi belgiladi. “Qizilqum”ning gruziyalik legioneri Elguja Grigalashvili tepgan to‘pini jizzaxliklar posboni Milan Mitrovich qaytardi. Ammo qaytgan to‘pni Elguja yana bir bor darvozaga yo‘lladi, 2:1.
Har ikki jamoa bosh murabbiylari uchrashuvdan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi.
– Biz uchun har bir ochko muhim, – dedi “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev. – Superligamizda barcha jamoalar deyarli teng kuchga ega. Hech bir klub osonlik bilan g‘alaba qozonayotgani va yoki aksincha mag‘lub bo‘layotgani yo‘q. Har birining maqsadi bor, u ham bo‘lsa, raqibi ustidan g‘alaba qozonish. Jamoamiz bugun yaxshi va tartibli o‘yin ko‘rsatdi. Chiroyli g‘alaba bilan ularni va barcha jizzaxlik futbol muxlislarini tabriklayman. Oldinga intilishda davom etamiz.
– O‘yin yaxshi o‘tdi, 7 uchrashuvdan buyon “So‘g‘diyona”ni mag‘lub eta olmay kelyapmiz, – dedi “Qizilqum” bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov. – Ushbu mavsumda esa jizzaxliklar bizdan 4 ochkoni tortib oldi. Birinchi bo‘limda o‘zimiz yaratgan vaziyatlardan foydalana olganimizda ikkinchi bo‘limda yanada boshqacha futbol ko‘rgan bo‘lardik. Ikki jamoa ham oxirigacha harakat qildi. Uchta markaziy himoyachimizning yo‘qligi bizga pand berdi. Futbol shunaqa sport turi – to‘p yumaloq, maydon tekis, unda kimdir yutadi, ikkinchi bir jamoa esa mag‘lubiyatini tan olishga majbur.
Shu kuni Coca-Cola Superligasining 16-turdan o‘rin olgan Qo‘qon shahridagi uchrashuvda “Qo‘qon-1912” klubi Termizning “Surxon” jamoasi ustidan ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritib, ishqibozlarini xushnud etdi, yakuniy hisob farg‘onalik futbolchilar foydasiga 2:0.
Toshkent viloyatining “Metallurg” jamoasi yana mag‘lubiyatga uchradi. Bekoboddagi bellashuvda Muborakning “Mash’al” jamoasi mehmonda “Metallurg”ni 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu uchrashuv yakunlangach, “Metallurg” jamoasi boshlig‘i Shavkat Saidov “Mash’al” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakovga musht tushurdi.
“Qizilqum” ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng “So‘g‘diyona” 30 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida Toshkentning “Paxtakor” jamoasidan keyingi 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
A.Qayumov, O‘zA