“So‘g‘diyona” va “Olimpik” an’anaga sodiq qoldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida 3-tur bahslari 14-mart kuni poytaxt “Lokomotiv” hamda “Paxtakor” klublarining o‘zaro bahsi bilan boshlandi. Unda 3:0 hisobida “temiryo‘lchilar” g‘alaba qozondi.
Kuni kecha shu turning 2 uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Farg‘onada “Neftchi” Bekobodning “Metallurg” (1:0) jamoasini qabul qilgan bo‘lsa, Jizzaxda “So‘g‘diyona” Toshkentning “Olimpik”jamoasi bilan bahslashdi.
Jizzaxliklar “Olimpik” bilan superliga bahslarida to‘rt marotaba uchrashgan bo‘lib, uchrashuvlarning uchtasida 1:1, 2:2, 3:3 hisobida kuchlar teng kelgan. 2022-yilning 29-avgustida Toshkentda o‘tgan uchrashuvda poytaxtliklar “So‘g‘diyona” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. Gollar nisbati ham Toshkent jamoasi hisobiga 7:6.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan bahs maydon egalarining to‘liq ustunligida boshlandi. Uchrashuvning 3-daqiqasida jizzaxlik yarim himoyachi Shohruh Abdurahmonov hisobni ochdi: 1:0.
Shundan so‘ng, poytaxtliklar hujumlarida jonlanish ko‘zga tashlandi, lekin o‘yinning 41-daqiqasida “So‘g‘diyona” qarshi hujumda chiroyli harakat qildi. Yosh hujumchi “Olimpik” himoyachisidan to‘pni olib qo‘yib, chap qanotda bo‘sh turgan jamoadoshi Oleg Zotevga uzatdi. Oleg esa vaziyatdan unumli foydalanib, jamoasining ikkinchi golini kiritdi.

Ikki gol bilan ustunlik qilayotgan maydon egalari xotirjamlikka berildi. Uchrashuv bosh hakami Firdavs Norsafarov tomonidan 1-bo‘limga qo‘shib berilgan 5 daqiqa maydon egalariga qimmatga tushdi. Mehmonlar futbolchisi “So‘g‘diyona” darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga chiqib zarba berdi. Milan Mitrovich to‘pni qaytarishning uddasidan chiqdi, ammo “Olimpik” hujumchisi Aleksandr Zevadinov jizzaxliklar darvozasiga o‘zining joriy chempionatdagi birinchi golini kiritdi va jamoalar tanaffusga 2:1 holatida chiqdi.


O‘yinning ikkinchi bo‘limida “So‘g‘diyona” futbolchilari hisobni yiriklashtirishga ancha harakat qildi, gol urish uchun yaxshi vaziyatlar ham yaratdi. Ammo xatolar ham yetarlicha bo‘ldi. Maydon egalari himoyachisi, belaruslik legioner Aleksey Nosko o‘z jarima maydoni ichida raqib jamoa futbolchisiga nisbatan qo‘pol harakat qildi. Bosh hakam jizzaxliklar darvozasi tomon penalti belgiladi. “Olimpik” hujumchisi Alisher Odilov zarbani aniq bajarib “So‘g‘diyona” darvozasini ishg‘ol etdi, hisob – 2:2.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri