Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat
Navoiy shahrida “Otam, onam va men – sportchilar oilasi” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Navoiy shahrida “Otam, onam va men – sportchilar oilasi” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Sog‘lom bola yiliga bag‘ishlab “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, madaniyat va sport ishlari, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan musobaqada shahar va tuman bosqichlarida g‘olib chiqqan sportchi oilalar ishtirok etdi.
Yurtboshimiz rahnamoligida aholi salomatligini mustahkamlash, oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, yosh avlodni tarbiyalashda oilaviy sport turlarini ommalashtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Mazkur sport musobaqalari ham bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir.
To‘siqlar osha yugurish, merganlik, arqon tortish va shaxmat-shashka kabi yetti shart bo‘yicha bellashuvlarda birinchi o‘rin Navbahor tumani Qorovultepa mahallasidan Qudratovlar oilasiga nasib etdi. Konimex tumani To‘qqiztepa mahallasidan Ramazonovlar oilasi ikkinchi va Karmana tumani Alisher Navoiy mahallasidan Qurbonovlar oilasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, “Eng ahil jamoa”, “Eng tezkor jamoa”, “Eng yosh jamoa”, “Eng epchil jamoa” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘olib oilalar munosib taqdirlandi.
G‘olib oila musobaqaning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.