Sog‘intiradigan mo‘jiza shahar
Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 24-yillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda mamlakatimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ham ortmoqda. Ayniqsa, Samarqand, Xiva, Buxoro, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimiz ko‘chalarida ko‘plab sayyohlarni uchratish mumkin.
Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 24-yillik bayrami shukuhi kezib yurgan shu kunlarda mamlakatimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ham ortmoqda. Ayniqsa, Samarqand, Xiva, Buxoro, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimiz ko‘chalarida ko‘plab sayyohlarni uchratish mumkin. O‘zA muxbiri ko‘hna va hamisha navqiron Buxoro shahrida ayrim sayyohlar bilan suhbatlashdi.
Amori Leserf (Fransiya):
– O‘zbekiston va uning qadimiy shaharlari, jumladan, Buxoro haqida ko‘p eshitgan edim. Bu yerga kelib, hayratda qoldim. Eshitganlarimdan, tasavvur qilganimdan ham ziyoda ekan. Labihovuz, Ark qal’asi, Minorai Kalon va boshqa tarixiy obidalarni insoniyat tafakkurining yuksak mahsuli, deb bilaman. Ular tarixingiz naqadar qadimiy va boyligi, me’morchilik san’atingiz chindan ham betakror ekanini ko‘z-ko‘z etib turibdi. Mamlakatingizda ushbu obidalarni asrab-avaylash borasidagi ishlar tahsinga sazovor.
Zargarlik buyumlari bilan tanishar ekanman, milliy musiqa sadolari e’tiborimni tortdi. Uni musiqa asboblari yasaydigan usta-hunarmand chalayotgan edi. Iltimosimga ko‘ra bir necha sozda kuy chalib berdi. Musiqani yaxshi his qilaman, baraban chalaman-da. Lekin u milliy childirmangizga yetmaydi. Doiraning imkoniyatlari kengligi hayratimni oshirdi, o‘ylab o‘tirmay sotib oldim. Milliy sozlaringiz bugungi globallashuv davrida xalqingiz o‘zligini, milliy qadriyatlarini saqlab qolishga, uni kelajak avlodlarga yetkazishga qanday katta e’tibor qaratayotganining ifodasidir.
Manuel Martines (Ispaniya):
– Buxoro o‘zining tarixiy obidalari ko‘pligi bilan meni maftun etdi. Hech bir me’moriy yodgorlik oldidan shunchaki o‘tib bo‘lmaydi. Ular qadimiy bo‘lishi bilan birga, betakror san’at namunasidir.
Yurtingizda an’analar ham, marosimlar ham o‘ziga xos. Biz dugonam bilan qovun va asal saylida ishtirok etdik. Noz-ne’matlarning mo‘l-ko‘lligidan bir hayratlangan bo‘lsak, ularning shirinligi va mazasidan hayratimiz ikki karra oshdi. Biz bilan birga yurgan yapon, fransuz, ispan hamrohlarimizning ham fikri shu.
Men odatda bir shaharga takror kelmayman. Chunki, boshqa yurtlarni ham ko‘rib ulgurish kerak. Lekin, O‘zbekiston, jumladan, Buxoro bundan mustasno. Bu yerga yana albatta kelaman. U har qanday sayyohni sog‘intiradigan mo‘jizadir.
Shimpen Konke (Yaponiya):
– O‘zbekistonga sayohatim Buxorodan boshlandi. Men dunyoning ko‘plab qadimiy shaharlarida bo‘lganman. Lekin Buxoroga o‘xshagani boshqa uchramaydi. Har bir obida o‘ziga xos me’moriy san’at namunasi. Hatto har bir g‘isht o‘ziga xos geometrik o‘lchamga ega, naqshinkor. Bunaqasini yer yuzining boshqa biror joyida uchratmaysiz. Bu yerda tarixiy obidalar atrofida yoki ular bilan yonma-yon aholi xonadonlari joylashgani uning o‘ziga xos jihatlaridan. Eng muhimi, bunday muhit asrlar davomida o‘zgarmay yashab kelmoqda. Fursatdan foydalanib, xalqingizni Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman.
Isxak Abayev (Isroil):
– Men Buxoro shahrida tug‘ilganman. Bolaligim shu yerda o‘tgan. Taqdir taqozosi bilan ko‘chib ketganimizga 42-yil bo‘ldi. Oradan shuncha vaqt o‘tgach, sayyoh sifatida keldim. Bolaligim o‘tgan uyda bo‘ldim. Beixtiyor yig‘lab yubordim. Vatan sog‘inchi deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Shahar o‘zligini saqlab qolgan holda, butunlay zamonaviy qiyofa kasb etibdi. Ko‘chalar keng, atrof toza-ozoda. Men bilgan Buxoroda, adashmasam, bitta mehmonxona bo‘lar edi. Hozir eski shaharning o‘zida ellikdan ziyod katta-kichik mehmonxona bor ekan. Men rasman xorijlikman, xolos. Aslida o‘zimni hamon o‘zbekistonlikman, deb hisoblayman. “Xush kelibsiz!” degan birgina o‘zbekona iltifot ko‘nglimni tog‘dek ko‘taradi. Sog‘inaman. Shunday muqaddas zaminda tug‘ilganim, boshqa hech qayerda topilmaydigan olijanob va bag‘rikeng xalq orasida bolaligim o‘tganidan faxrlanaman. O‘zbekiston jahondagi eng taraqqiy etgan davlatlar qatoriga kirishiga, o‘zbek xalqi dunyodagi eng baxtli xalq bo‘lishiga ishonaman.