Soʻx va Sardobada internet tezligi qanday tiklanmoqda?
Bu borada qilinayotgan ishlar haqida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov quyidagilarni soʻzlab berdi.
Joriy yilning 3-iyunida Fargʻona viloyati Soʻx tumanida Ӯzbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida boʻlib oʻtgan faollar yigʻilishida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yana-da yaxshilash borasida berilgan topshiriqlar qanday bajarilmoqda?
Bu borada qilinayotgan ishlar haqida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Ahmatov quyidagilarni soʻzlab berdi.
– Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi muammoli masalalarni yechimi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida maxsus ishchi guruh tashkil etildi.
Soʻx tumanida telekommunikatsiya infratuzilmasini kengaytirish va xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida, 62 km optik tolali aloqa kabellari, umumiy sigʻimi 536 portli zamonaviy qurilmalar, 5 ta mobil aloqa baza stansiyalari kabi zarur transport va maxsus materiallar tumanga yetkazildi.
Hozirda Gʻaznov – Tul yoʻnalishida 16 km optik tolali aloqa kabellari qurish va montaj ishlari boshlandi. Soʻx tumaniga 5 ta mobil aloqa baza stansiyalari oʻrnatildi. Jumladan, Lenburg MFY hududidagi mavjud antenna machta qurilmasiga yuqori tezlikdagi internet texnologiyasi asosidagi baza stansiyasi oʻrnatildi va ishga tushirildi. Shu bilan birga, “Oʻzbektelekom”ning Qalacha, Malbut, Tul MFYlar hududlaridagi mavjud baza stansiyalarigacha tashkil etilgan transport tarmogʻining oʻtkazuvchanlik qobiliyati 2 barobarga kengaytirildi.
– Sirdaryo viloyati “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen hodisa oqibatida talafot koʻrgan hududlarda telekommunikatsiya inshootlarini tiklash boʻyicha olib borilgan ishlar samaradorligi qaysi bosqichda?
– Joriy yilning 1-may kuni “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen oqibatida bir qancha telekommunikatsiya inshootlariga ham zarar yetgandi. Jumladan, Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba tumanlaridagi mobil aloqa kompaniyalarining mavjud 86 ta baza stansiyasidan 58 tasi ish faoliyatini toʻxtagan edi. Shundan, 44 tasida elektr energiyasida uzilishlar boʻlgan boʻlsa, qolgan 14 ta mobil aloqa baza stansiyalari suv ostida qolganligi sababli jiddiy talafotga uchragan.
Telekommunikatsiya obyektlariga yetkazilgan talafotlarni bartaraf etish maqsadida Shtab tashkil etilib, aloqa sohasi xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, 15 dan ortiq maxsus texnikalar jalb qilinib, talofat oqibatlari tezkorlik bilan bartaraf etilgan edi.
Sardoba tumani Qoʻrgʻontepa, Mirzaobod tumani Navbahor va Haqiqat, Oqoltin tumani Shodlik mahallasida suv ostida qolgan 14 ta baza stansiyalarda modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, aloqa xizmatlari tezkorlik bilan taʼminlandi.
“Oʻzbektelekom”ning Sirdaryo filiali vakillari tezkorlik bilan koʻrgan choralar natijasida Sardoba shaharchasidagi demontaj qilingan ATS (montaj sigʻimi 1152 raqamli C&C08 RSP “HUAWEI” rusumli telefon stansiya, sigʻimi 288 portli DSLAM) 3-maydan doimiy elektr tarmogʻiga ulanib, ish faoliyati tiklagan edi.
Shu bilan birga, Sardoba tumanidagi Doʻstlik, Mirzaobod tumanida Navbahor, Oqoltin tumanida Shodlik mahallalari hududlarida yangidan qurilishi rejalashtirilgan massivlardagi 2640 ta xonadonga moʻljallangan 66 ta koʻp qavatli uylarga hamda mazkur mahallalardagi 1773 ta yakka tartibdagi uylarga zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish maqsadida 27,5 km yer osti va 35,86 km havo aloqa liniyalari qurildi.