SMM kursining ilk bitiruvchilariga sertifikatlar berildi
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida 1000 nafar ishsiz xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan bepul SMM kurslari tashkil qilingan edi.
Shunga ko‘ra, Yoshlar markazida intensiv mashg‘ulotlarning ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, dasturda o‘qish istagini bildirgan 1 ming 895 nafar tinglovchidan 500 nafari kursni muvaffaqiyatli tamomladi. Tinglovchilar 25 ta guruhda 16 ta malakali mentorlar tomonidan SMM ning barcha tarmoqlari haqida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Ayni paytda bitiruvchilar savdo, ta’lim, media, turizm, pazandachilik kabi o‘nlab yo‘nalishlar bo‘yicha blog yuritib, buyurtmalar qabul qilishni boshlagan. SMMchilarning katta qismi 3 milliondan 5 milliongacha daromad olmoqda.
Taqdirlash marosimida mobilografiya yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan “Eng yaxshi ijodiy ish” ko‘rik-tanlovi doirasida 10 ta saralangan ijodiy ish mualliflari sertifikat va telefon bilan taqdirlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA