“SKIF” chempionlikni ko‘zlamoqda
Poytaxtimizda voleybol bo‘yicha qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati oliy ligasining uchinchi tur bahslari bo‘lib o‘tdi. Chempionatda eng kuchli to‘rtta jamoa bahslashmoqda.
Mazkur turda jamoalar ikki martadan o‘yin o‘tkazdi. Poytaxtning «SKIF» jamoasi Nukus pedagogika instituti, Urganch davlat universiteti va Andijon olimpiya zaxiralari kolleji jamoalariga qarshi kechgan oltita uchrashuvning barchasida 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Poytaxtliklar uch tur natijasiga ko‘ra, 54 ochko bilan musobaqada peshqadamlik qilmoqda.
Nukus pedagogika instituti va Urganch davlat universiteti qizlari bahsida 2:3, ikkinchi o‘yinda 3:0 hisobi qayd etildi. Nukuslik voleybolchilar Andijon olimpiya zaxiralari kolleji jamoasiga qarshi kechgan bahslarda 3:0 va 3:1 hisobida ustun keldi. Jamoa 31 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Musobaqa jadvalida kuchli uchlikda borayotgan Urganch davlat universiteti voleybolchilari Andijon olimpiya zaxiralari kolleji jamoasiga qarshi o‘yinda 3:2 va 0:3 hisobini qayd etdi. Uch tur natijasiga ko‘ra, urganchliklar 12 ochko jamg‘argan bo‘lsa, andijonliklar hisobida 11 ochko bor.