Siz polvonlaringizni bilasizmi?
Xorazmda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “Siz polvonlaringizni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Xorazmda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “Siz polvonlaringizni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.Polvonlar milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamkorligida o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilari dastlab Pahlavon Mahmud maqbarasini ziyorat qildi, jasorat va mardlik timsoli bo‘lgan Jaloliddin Manguberdi haykali poyiga gul qo‘ydi.
Polvonlar milliy markazi raisi N.Yusupov, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida o‘zbek kurashi, uloq-ko‘pkari, o‘zbek jang san’ati kabi milliy sport turlari xalqaro miqyosda keng e’tirof etilganini ta’kidladi.
“Siz polvonlaringizni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovi ham milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish, ajdodlarimizning boy tarixiy merosini yoshlarimiz ongiga singdirish, navqiron avlodda Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat, o‘ziga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Polvonlar milliy markazi tomonidan milliy sport turlarining rivojlanish bosqichlari, an’ana va maktablari, polvonlarimiz faoliyatini o‘rganish, ularni keng targ‘ib etishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Ta’lim muassasalari va mahallalarda “Yosh polvonlar” to‘garaklari, kurash ustalari hayoti va faoliyati to‘g‘risida ma’lumot beruvchi “Faxriy polvonlar burchagi” tashkil qilingan.
Tadbir doirasida faxriy polvonlar ishtirokida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
– Bugungi tadbirda biz, faxriy polvonlar ta’lim muassasalarida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdik, – deydi navoiylik 84 yoshli polvon Ibodulla Ergashev. – Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar va havaskor sportchilarning mahoratini ko‘rib quvondik. Yoshlarimizga shunday sharoit va imkoniyatlar yaratib berayotgan, ularning komil insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Yurtboshimizdan minnatdormiz.
Tanlovda umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasida birinchi o‘rinni Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi 24-umumta’lim maktabi egalladi. Ikkinchi o‘rinni Andijon viloyatining Qorasuv shahridagi 1-umumta’lim maktabi, uchinchi o‘rinni Navoiy viloyatining Navoiy shahridagi 11-umumta’lim maktabi qo‘lga kiritdi. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida Samarqand olimpiya zaxiralari kolleji g‘olib bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarga Namangan va Nukus olimpiya zaxiralari kollejlari sazovor bo‘ldi. “Eng yaxshi yosh polvonlar to‘garagi”, “Eng yaxshi polvonlar burchagi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘olib va sovrindorlarga, faxriy polvonlarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonov so‘zga chiqdi.