Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ro‘yxatga olindi
Markaziy saylov komissiyasining videokonferens aloqa shaklida navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari hamda OAV vakillari qatnashdi.
Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.
Majlis kun tartibidagi asosiy masala – siyosiy partiyalarning vakolatli vakillarini ro‘yxatga olish.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 11 sentyabrdagi tegishli qarori bilan Siyosiy partiyaning vakolatli vakili to‘g‘risida nizom tasdiqlangan.
Mazkur Nizomga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Markaziy saylov komissiyasi, o‘z navbatida, siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakil nomzodiga tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqib, uch kunlik muddatda uni ro‘yxatga oladi va unga belgilangan shaklda mandat beradi.
2021 yil 23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng mamlakatimiz siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya rahbarlari o‘z vakolatli vakillarini tayinlab, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojaat etdi va tegishli hujjatlarni taqdim qildi.
– Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar o‘z vakolatli vakillarini tayinlagani haqidagi ma’lumotlarni Markaziy saylov komissiyasiga o‘z vaqtida, Saylov kodeksi va boshqa huquqiy-normativ hujjatlarda belgilangan tartibda taqdim etdi, – deydi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev.
Markaziy saylov komissiyasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbarlari tavsiya etgan vakolatli vakillarga tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqib, vakolatli vakillarni ro‘yxatga olish hamda ularga belgilangan shakldagi guvohnoma (mandat)ni berish haqida qaror qabul qildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Baxtiyor Yakubov, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Bahodirjon Mamatxonov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Abdukamol Rahmonov, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Saidrasul Sanginov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Ulug‘bek Vafoyev vakolatli vakil sifatida ro‘yxatga olindi.
Yuqoridagilarga asosan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga ularning ro‘yxatga olinganligi haqida guvohnomalar (mandat) topshirildi.
Ushbu vakolatli vakillar saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishadi.
Qonunchilikka ko‘ra, siyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari to‘g‘risidagi axborot matbuotda e’lon qilingan kundan e’tiboran tugagan hisoblanadi.
Mazkur institutning saylov kampaniyasi davrida faol ish olib borishi saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonununiyligini ta’minlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA