“Siyosatchi ayollar klubi” tashkil etildi
Buxoroda ayol deputatlar hamda ularga “Ustoz-shogird” an’anasi asosida biriktirilgan yoshlar va faxriy ayollar ishtirokida “Siyosatchi ayollar klubi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
So‘zga chiqqan partiya viloyat kengashi raisi Rajabboy Hasanov tadbir ishtirokchilarini bahor ayyomi va 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan samimiy qutladi. 2019 yilda partiya viloyat kengashi qoshida tashkil etilgan “Deputat ayollar klubi”ning faoliyati sarhisobiga alohida to‘xtaldi. Erishilgan yutuqlar, kamchiliklar va “Siyosatchi ayollar klubi” faoliyatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi muhim masalalarga e’tiborni qaratdi.

Ta’kidlash o‘rinli, “Deputat ayollar klubi” a’zolari tomonidan partiyaning “Xizmat-beminnat” loyihasi doirasida xotin-qizlarni bepul kasb-hunarga o‘rgatishga qaratilgan, “Ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish maqsadida mahallalarda istiqomat qilayotgan “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan, vaqtincha ishsiz xotin-qizlar qo‘shimcha bepul kasb-hunarga o‘rgatilmoqda.

Shuningdek, klub a’zolari tomonidan “Uyma-uy” loyihasi orqali joylardagi mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari bilan birgalikda tegishli korxona va tashkilot rahbarlari ishtirokida 2019-2024 yillar mobaynida 8364 ta xonadonlarga tashrif buyurilib, ularda jami 4018 nafar xotin-qizlar qamrab olindi hamda xotin-qizlar muammolari bilan bog‘liq 3045 ta murojaatlar ijobiy hal etildi.

Tadbirda partiyaning viloyat kengashi deputati Abira Huseynova hamda Buxoro tumanidan deputat Nafisa G‘aybullayeva “Siyosatchi ayollar klubi” faoliyatini samarali tashkil etishda Xotin-qizlar siyosiy faolligini oshirishning usul va vositalarini “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi faoliyati misolida keng talqin etishdi va deputatlarga faollikni oshirish yuzasidan kerakli taklif hamda tavsiyalar berdi.

Shundan so‘ng, partiya Markaziy kengashi O‘quv – tadqiqot va tahlil markazi tomonidan tayyorlangan “To‘y bu baxtmi yoxud millatimiz illatlari” filmi namoyish qilindi. Klub a’zolari tomonidan keng jamoatchilik o‘rtasida mazkur mavzu yuzasidan reja asosida muhokamalar o‘tkazish shu bilan birga to‘y tadbirlarini ixchamlashtirishga oid takliflarni umumlashtirish yuzasidan kelishib olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri