Sirdaryolik tibbiyot xodimlari sharaflandi
Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyida 12 may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida sirdaryolik o‘rta tibbiyot xodimlari ham ishtirok etdi.
Tadbirda “Yilning eng yaxshi hamshirasi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari hamda 15 ta nominatsiya bo‘yicha “Yilning eng yaxshi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi” tanlovining sovrindorlari e’lon qilindi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi tibbiy brigada hamshirasi” nominatsiyasi bo‘yicha Guliston shahar tibbiyot birlashmasi 4-oilaviy poliklinikasi tibbiy brigada hamshirasi Nargiza Primqulova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Aholi sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Tojixon Gaffarova esa “Yilning eng yaxshi sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi” nominatsiyasiga loyiq deb topildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi sanitariya vrach yordamchisi Sarvinoz Urolova “Yilning eng yaxshi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati o‘rta tibbiyot xodimi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo filiali shoshilinch travmatologiya bo‘limi kuygan bemorlarni parvarish qilish o‘rta tibbiyot xodimi Abduqahhor Islamov esa yilning eng yaxshi shoshilinch xizmat xodimi nominatsiyasiga munosib ko‘rildi. G‘oliblarga tadbir tashabbuskorlarining maxsus diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ko‘rik-tanlovning quvonarli tomoni, respublika bosqichi barcha ishtirokchilariga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Shuhrat SUYAROV,O‘zA