Sirdaryolik faxriy jurnalistlar Samarqandda
Azaldan dunyoni o‘zining tarixiy obidalari, aziz va muqaddas go‘shalari bilan lol etgan Samarqand bugungi kunda yanada ko‘rkamlashib, qayta sayqal topib, turizm markazlaridan biriga aylanmoqda. Bu ko‘hna va hamisha navqiron shaharga har kuni minglab xorijliklar tashrif buyurmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan bir guruh jurnalistlarning Samarqand shahriga sayohati uyushtirildi. Shuni ta’kidlash kerakki, uyushmaning viloyat bo‘limi tomonidan har yili yurtimizning turli hududlariga, muqaddas, tarixiy qadamjolarga sayohatlar uyushtirish, shuningdek, media-turlar o‘tkazish an’anaga aylangan.

Mehmonlar O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasi sharafiga bunyod etilgan maqbara va majmuani ziyorat qilishdi.
– “Samarqand Siti”da bunyod etilgan salobatli inshootlar, jumladan, hashamatli anjumanlar saroyi, ko‘p qavatli ma’muriy binolar hamda o‘ziga xos dizaynga ega bo‘lgan mehmonxona va sayyohlar uchun mo‘ljallangan boshqa madaniy-maishiy binolarga qarab, Sohibqiron bobomiz Amir Temurning “Agar bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan binolarga boqing” degan so‘zlarini yodga oldik, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida opa Pardaboyeva.

Samarqand siti yana bir go‘zal va betakror majmuaga ulanib ketgan. “Boqiy shahar” deb nomlangan bu shaharchada Samarqanddagi dunyo ahlini, millionlab sayyohlarni o‘ziga chorlab turgan boqiylikka muhrlangan tarixiy obidalar bir joyda jamlangandek. Unda asrlar sadosi yangrab turadigan minoralar, masjid va maqbaralar, beqiyos va boqiy shahar Samarqand arxitekturasi mujassam. Bir tomonda Shohizinda, bir tarafda Go‘ri Amir, yana boshqa tomonda ulug‘vor Registon maydoni va boshqa obidalar savlat to‘kib turibdi. Hamisha uyg‘oq sharq bozori, choyxona va do‘konlar, turli yemakxonalar, mo‘’jaz mehmonxonalar va boshqa madaniy-maishiy binolar, barchasi hammada, ayniqsa, xorijlik sayyohlarda katta taassurot qoldiradi.

Sirdaryoliklar shahar bilan tanishar ekan, ikkinchi kichik Samarqandni kashf etdilar. Ular qadimiy kulolchilik, atlas, adras to‘quvchiligi, zardo‘zlik, misgarlik namunalarini tomosha qilib zavqlanib, faxrlandilar. “Samarqand siti” va “Boqiy shahar”ni ajratib turgan anhor atrofidagi majnuntollar kishini rom etadi. Bir nechta mo‘’jaz elektromobillar, anhorda suzib yurgan mo‘’jaz kema ham sayyohlar xizmatida.

– Har qadamda uchrayotgan xorijlik mehmonlarning o‘z tillaridagi gap-so‘zlariga tushunmasakda, ularning yuz-ko‘zlaridan ushbu shahardagi lavhalardan, go‘zallikdan lol qolganliklarini bilish qiyin emas. Qisqa qilib aytganda, boqiy shahardagi har bir bino, manzara san’at asari darajasida ekanligi bilan o‘z nomiga juda-juda munosib. Samarqandning bugungi ko‘rinishidan, “Boqiy shahar”ga bo‘lgan sayohatdan juda xursand bo‘ldik, – deydi mehnat faxriysi Orziqul aka Abdusamatov.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri