Sirdaryoda “Yoshlar: 1+1 dasturi” amalda
Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev boshchiligida barcha sektorlar rahbarlari ishtirokida Sirdaryo tumanidagi 2-sektor hududida joylashgan Istiqbol mahalla fuqarolar yig‘inida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida aholi muammolari “Mahallabay” tizimida uyma-uy yurib o‘rganildi.
Dastlab tuman markazida “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida “Yoshlar: 1+1 dasturi” doirasida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish maqsadida tashkil etilgan 2 haftalik o‘quv-seminar nihoyalanib, unda tahsil olganlar uchun bo‘lib o‘tgan test sinovlarini muvaffaqiyatli yakunlaganlarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.

Sertifikatga ega bo‘lganlar “Yoshlar: 1+1 dasturi” doirasida har bir yoshga bir nafardan mahalliy tadbirkorlar biriktirildi. Bundan tashqari, ularga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratiladigan va o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun zamin yaratiladigan bo‘ldi.
Istiqbol MFYda “Mahallabay” tizimida bo‘lib o‘tgan tadbir davomida ham “Yoshlar: 1+1 dasturi” doirasida yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, fuqarolarning bandligini ta’minlash, kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, aholi salomatligini yaxshilash hamda ayollarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan Istiqbol MFYdagi 756 xonadonda yashovchi 4 ming 529 nafar fuqaro xatlovdan o‘tkazilib, 228 nafarida 310 ta muammo borligi aniqlandi. Ularning 18 nafari tibbiy yordamga muhtojligi, 26 nafari qayta kasbga o‘qishi, 66 nafari tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirganligi va ularga bank kredit mablag‘lari ajratilishi belgilandi, 81 nafar fuqaro esa ish bilan ta’minlanish istagini bildirgan.

Shu bilan birga, 5 nafar fuqaro nogironlar aravachasi so‘rab, 6 nafari uy-joyini ta’mirlash masalasida va 85 nafari boshqa masalalarda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgan.
“Mahallabay” tizimi jarayonida ishlash istagini bildirgan fuqarolarning 24 nafariga tuman aholi bandlikkaa ko‘maklashish markazi tomonidan “Sirdaryo Mega-lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga yo‘llanma berilgan bo‘lsa, 60 nafar yosh va xotiin-qiz o‘zini-o‘zi band qilishi istagida ekanligini ma’lum qildi.
Istiqbol mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 20 nafar ayol esa “Sirdaryo baraka chevarlari” MCHJga shartnoma asosida ishga joylashtirildi.
Mahallada olib borilgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanuvchi 60 nafar ayol Prezidentimizning 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘zini-o‘zi band qilgan.

“Ayollar daftari”dagi ro‘yxatda turuvchi 3 nafarining xonadoniga 2 sotixdan issiqxona tashkil etish uchun 22 million so‘m Bandlik jamg‘armasi hisobidan subsidiya ajratildi.
Ishchi guruhining bir oy davomida amalga oshirgan tushuntirish ishlari natijasida hududda qo‘shimcha ikkita nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, 8 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Maktab yoshigacha bo‘lgan mahalla bolalarining bilim olishi uchun munosib sharoit yaratildi.
Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida mahallaning 10 nafar yoshlariga “Mikrokredit” aksiyadorlik tijorat banki Sirdaryo tuman filiali tomonidan 330 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, yangi qurib bitkazilgan mahalla fuqarolar yig‘ini binosining yonidan yer maydoni ajratildi.
Shu hududda yangidan bunyod etilgan mahalla guzarida ayollar va erkaklar sartaroshxonasi, dorixona, “Bir zumda” yemakxonasi, “Tomorqachilik” va bank xizmatlari, qandolatchilik sexi hamda boshqa faoliyat yo‘nalishlarida ham xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Natijada mahallaning 25 nafar fuqarosi ish bilan band bo‘ldi.
Yangidan tashkil etilgan “Shox baraka omad tekstil” MCHJga qarashli tikuvchilik sexiga “Ayollar daftari”ga kiritilgan 20 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi, mazkur MCHJ tomonidan asalarichilik yo‘nalishida qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etilib, ushbu yo‘nalishda hunar o‘rganishni xohlovchi fuqarolarning ro‘yxati shakllantirildi.
Shu bilan birga, bu hududda “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida 40 nafar yoshga mahalla hududidan 0,50 gektardan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish uchun yer maydoni ajratildi va ularning ham bandligi ta’minlandi.
12 nafar yoshni tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilishi uchun 20 sotixdan yer maydoni ajratib berildi, hozirda bu maydonlarda allaqachon qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Bundan tashqari, mahallada chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik, psixolog suhbati va huquqshunos maslahatlari tashkil qilinib, aholiga tibbiy, ruhiy va huquqiy maslahatlar berildi.
Tadbir doirasida 17 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasida va bir nafar fuqaroning “Sirdaryo” sihatgohida davolanishi ta’minlandi. Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan ayollar daftariga kiritilgan 6 nafar og‘ir vaziyatdagi va 11 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning xonadonlari jami 51 million so‘mga ta’mirlab berildi.
MFYda yangidan barpo etilgan sport maydoni tantanali ravishda ochilib, ushbu marosimida paraolimpiyaning yengil atletika turi bo‘yicha yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan “Granpri musobaqasi”da birinchi o‘rinni egallagan sirdaryolik Nataliya Semyonovaga viloyat hokimining “Tashakkurnoma”si va qimmatbaho sovg‘asi topshirildi.
So‘ngra shu sport maydonida mahalla yoshlari o‘rtasida voleybol bo‘yicha musobaqa o‘tkazilib, g‘olib va sovrindor jamoalar tuman hokimligining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, F.Toshmatov(surat), O‘zA