Sirdaryoda yetishirilgan bodring Rossiyaga eksport qilinmoqda
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani Mirzo Ulug‘bek suv iste’molchilar uyushmasi hududidagi “AGRO EXPORT BARAKA” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshlaganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lmadi.
Gulistonlik tadbirkorlar Andrey Ryuxin va Oleg Svistunov Mirzaobod tuman hududidagi bo‘z va quruq yerdan 10 gektar yer olib, qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan bodring va pomidor mahsulotlarini gidroponika usulida yetishtirib, ichki va tashqi bozorga chiqarish, qolaversa, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga munosib hissa qo‘shish maqsadida “O‘zmilliybank” AJdan olingan 3,5 million AQSH dollarlik kredit, o‘zlarining 1,5 million dollarlik sarmoyalari hisobiga Koreya texnologiyasi asosida 7 gektar yer maydonda issiqxona barpo etdi.

Issiqxona uchun zarur bo‘lgan jihozlar Koreyadan, gidroponika usulida ekiladigan kokos po‘chog‘i esa Turkiyadan keltirildi. Qurilish ishlari yakuniga yetgach, u yerga Bern navli, ya’ni xalq tilida aytganda cho‘tir bodring ekildi.
– Bu osonlikcha bo‘lgani yo‘q, – deydi “AGRO EXPORT BARAKA” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Oleg Svistunov. – Ushbu texnologiya asosida ish boshlab, yetishtirgan mahsulotini ichki va tashqi bozorga chiqarayotgan tajribali tadbirkorlardan, qolaversa, Rossiya, Belorus hamda qozog‘istonlik hamkorlarimizdan maslahat oldik. Natija yomon emas. Gidroponika usulidagi issiqxonani qurib, unga bozorbop Bern(cho‘tir) navli bodring urug‘larini ekdik. Nihollar ham baravj o‘sib, kutilganidan yuqori hosil bera boshladi.
Ayni vaqtda “AGRO EXPORT BARAKA” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mirzaobodlik va boyovutlik 120 kishi ishlamoqda. Ish haqi 1 million 800 mingdan 3 million so‘mgacha. Bundan tashqari, ular qilgan mehnatiga qarab rag‘batlantirib boriladi. Issiq ovqat esa bepul. Barcha xarajat “AGRO EXPORT BARAKA” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan qoplanmoqda.
– Ko‘pdan buyon ishsizman, – deydi mirzaobodlik Diyora To‘rabekova. – Ish bo‘lsa ham ham uydan ancha uzoq edi. Qatnash va borib kelish uchun imkonim yo‘q. Issiqxona qurilgach, men singari ishsiz qo‘ni-qo‘shnilarim ham ishli bo‘ldi. Ishimiz ham, daromadimiz ham yomon emas. Mehnatimizga yarasha haq olayapmiz. Bodring terishdan tashqari hamma narsa avtomatlashtirilgan.

Mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi yaqinda ilk mahsulotini uzishni boshladi. Dastlabki mahsulotlar Rossiya Federatsiyasiga yetkazib berilmoqda.
– 1 kvadrat metr joyda ekilgan bodringdan 250 kilogramm, 1 gektar yerdan 250 tonna atrofida bodring olishni rejalashtirganmiz, – deydi Andrey Ryuxin. – Rejadagi ishlarimiz amalga oshib, hosildorlik ham kutilganidan ko‘p bo‘lgach, tashqi bozorga chiqarilgan va sotilgan bodring hisobiga gidroponika hisobida qurilgan issiqxonamizni yana bir necha gektarga kengaytiramiz. Ish o‘rni, ish haqi va daromad ham oshadi.
Shuhrat Suyarov,
Furqat Toshmatov (surat), O‘zA