Sirdaryoda uzum danagidan moy olinmoqda
Sirdaryo viloyatidagi “Bunyod gold” korxonasida uzum danagidan moy olinmoqda. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 2,7 milliard so‘m. Shundan 1,6 milliard so‘mi Innovatsion rivojlanish vazirligining granti hisoblanadi.
Yangi korxona oldin O‘zbekistonda deyarli foydalanilmaydigan vino zavodlari chiqindisi - uzum danaklaridan xom-ashyo sifatida foydalanadi.
– Respublikada yiliga 5000 tonnagacha uzum danagidan samarasiz foydalanib kelinar edi. Ushbu zavod ishga tushishi natijasida undan yiliga 50 tonnaga yaqin uzum yog‘i olinmoqda. Bu iqtisodiyotga ham,tadbirkorga ham katta foyda keltiradi, – deydi korxona direktori Shokir Yariyev.

Zavodda 8 nafar mutaxassis ishlaydi. Korxona yiliga 50 tonnaga yaqin tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda uzum yog‘i “sovuq siqish” usulida ishlab chiqariladi. Bunda uzum danaklari dastlab quritiladi va maydalanadi, shundan so‘ng esa yuqori bosim ostida siqib moy olinadi.
Ayni damda O‘zbekiston ichki bozorida uzum danagidan olingan yog‘ uchun talab u qadar yuqori bo‘lmasada, xorijda ushbu moyning 1 litri 5 dollardan 25 dollargacha sotiladi. Uzum moyiga Rossiya va Turkiyaning kosmetologiya korxonalari qiziqish bildirmoqda. Ularga ishlab chiqarilgan yog‘dan namunalar yuborilgan. Qat’iy texnik reglament asosida ish rejasi taqsimlangan. Mahsulotni xorijdagi kosmetika ishlab chiqaradigan zavodlarga xomashyo sifatida eksport qilish rejalashtirilgan.

Korxona mutaxassisining ta’kidlashicha, kelgusida yog‘ olishdan qolgan qoldiqlarni qaytadan ishlov berib, un yaratish texnologiyasi ustida ishlanadi. Non mahsulotlariga uzum danagining uni qo‘shiladi, bu o‘sha mahsulotning uzoq muddat sifati buzilmasligini ta’minlaydi.
Uzum danagi yog‘i kosmetika sanoatida, shuningdek, tibbiyot va pazandachilikda keng qo‘llaniladi. Misol uchun, Rossiyada uzum danagi yog‘idan 100 dan ortiq turdagi kosmetika mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bular turli xil kremlar, piling va yuz maskalari, yuz va tana fitnes massaji uchun moylar va boshqalardir. Uzum danagi kukuni esa tabiiy sovun va shampun ishlab chiqarishda ishlatiladi.
Uzum danagi yog‘i farmakologiyada, jumladan, ateroskleroz, tromboz, gipertoniya, ishemik kasalliklar, insult va infarktni davolash, varikoz, retinopatiya, gemorroy va boshqa kasalliklarni davolashda ham keng qo‘llaniladi.
Sh. Suyarov, O‘zA.