Sirdaryoda uch avlod uchrashdi
Keksalar, faxriylarga yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Buni muntazam o‘tkazib kelinayotgan tadbirlar, uchrashuvlar, yoshi ulug‘larga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan ham bilish mumkin.
Shunday tadbirlardan biri, O‘zbekiston bojxona xizmati Faxriylar uyushma boshqaruvi raisi D.Qudriddinov, boshqarma xodimlari, faxriylar, DBQ Bojxona instituti kursantlari, Guliston shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazildi.

Tadbir Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo Mega-Lyuks” MCHJ qo‘shma korxonasi faoliyati va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishdan boshlandi.
So‘ng boshqarma tasarrufidagi “Sirdaryo” chegara bojxona postida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlari, zamonaviy nazorat texnik vositalarni qo‘llash samaradorligi, xodimlar va yo‘lovchilarga yaratilgan qulayliklar to‘g‘risida ma’lumot berilib, “Xovos” TIF bojxona postida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.

Bojxona tizimida fidokorona mehnat qilgan bojxona faxriysi, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining birinchi rahbari, marhum E.Asqarovning xonadoniga borildi.

Xovos tumanidagi “Xovos tepaligi” yodgorlik majmuasi va ziyoratgohiga sayohat uyushtirilib, ushbu joyning tarixi va yodgorlik majmuasi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
“Uch avlod uchrashuvi”da o‘tgan davrda bojxona tizimida erishilgan natijalar, islohotlar, mashaqqatli xizmatlar va bugungi kunda yaratilgan sharoitlar haqida so‘z bordi.
Bojxona tizimida halol, sidqidildan xizmat qilib kelayotgan xodimlarga Davlat bojxona qo‘mitasi raisining tegishli buyrug‘i bilan unvonlar topshirildi.

“Uch avlod uchrashuvi” ishtirokchilariga, bojxona faxriylari va maktab o‘quvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA