Sirdaryoda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
Guliston davlat universitetida o‘zbek adabiyotining yirik vakili, atoqli adib Nurali Qobul tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Universitet prorektori Kozimjon Qudratov taniqli yozuvchi ijodi xususida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari Abdunabi To‘ychiyev hamda Akrom Uzoqov “Nurali Qobul asarlarining mavzu ko‘lami va obrazlar tabiati”, “O‘zbek prozasida Amir Temur obrazini gavdalantirish tamoyillari” mavzusida ma’ruza qilishdi.

Bundan tashqari professorlar Ravshanbek Mahmudov, Muzaffar Mamatqulov, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Gulbahor Qurbonova, tojikistonlik ijodkor Hakim Zokir adib asarlari haqida gapirdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda alohida qayd etildiki, Nurali Qobul qissalari va hikoyalari yurtimiz kitobxonlarining sevimli asarlariga aylangan. Istiqlol yillarida adib ijodi yanada kamolotga yetdi. U yigirma besh romandan iborat “Temuriylar” epopeyasini yozib tugalladi. Bundan tashqari yozuvchining bir qator roman-pamfletlari ham sevib o‘qilmoqda.

Taniqli adiblardan biri Abdunabi Hamro yozuvchi asarlari haqida risola nashr etgani ham bejiz emas.
Tadbirda universitet kengashining qaroriga asosan chop etilgan “Nurali Qobul qadriyati” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Abdurauf Abdug‘affor hamda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi G‘afurjon Tojiboyev yozuvchi Nurali Qobulga bag‘ishlangan she’riy asarlarini o‘qib berishdi.

Tadbir so‘ngida xushovoz xonanda Abdurahim Sultonov Nurali Qobul she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlarni ijro etdi.
Jovli Xushboqov, O‘zA muxbiri