Sirdaryoda IES qurilishi boshlandi
Sirdaryo viloyatida quvvati 1 ming 500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, viloyat hokimligi, “ACWA Power” kompaniyasi(Saudiya Arabistoni)ning yuqori martabali vakillari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Bu haqda Sirdaryo viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.
Umumiy qiymati 1 milliard 200 million AQSH dollari miqdorida bo‘lgan mazkur loyihaning foydali ish koeffitsiyenti qariyb 60 foizni tashkil etadi. Bu esa boshqa elektr stansiyalari bilan taqqoslaganda, hozirgi vaqtda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun iste’mol qilinayotgan tabiiy gaz miqdorini deyarli ikki barobar iqtisod qilish imkonini beradi.

– Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi (IES) qurilishiga start berilishi elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha ikkita kelishuv va O‘zbekistonning past darajali uglevodorod chiqindili resurslardan foydalanishga o‘tishida muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan. – O‘z navbatida, muhim omil sanaladigan Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi “Bash” va “Jonkeldi” shamol elektr stansiyalari bo‘yicha investitsiya kelishuvlarining imzolanishi bizning energetika tarmog‘ini isloh qilish va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirilishini rag‘batlantirish jarayonidan ilgarilab ketishga bo‘lgan intilishimizni ifodalaydi. Ushbu loyiha bo‘yicha erishilgan natijalar biz uchun faxrli ekanini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, Saudiya Arabistoni Qirolligi tashqarisida xorijiy investitsiyalar hajmini maksimal darajada oshirish hisobiga biz Saudiya Arabistonining “Nigoh – 2030”ga to‘liq rioya qilishimizni batamom tasdiqlaydi.
Darvoqe, ushbu “ACWA Power” kompaniyasi elektr energiyasi va chuchuk suv ishlab chiqarish bo‘yicha uskunalarni yaratish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishga ixtisoslashgan. Mazkur kompaniya 2004 yilda Ar-Riyod shahri (Saudiya Arabistoni)da ro‘yxatga olingan va ta’sis etilgan. Ayni paytda undagi xodimlar soni qariyb 3 ming 500 nafarni tashkil etadi. Xalqaro hamkorlik esa hozirgi kunda Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoning 12 ta mamlakatini qamrab olgan.
Ushbu kompaniyaning “portfel investitsiya” qiymati 61 milliard 200 million AQSH dollariga teng. Unda bir kecha kunduzda kommunal xizmatlar va davlat-xususiy hamkorligi modellari autsorsingi asosidagi uzoq muddatli ofteyker shartnomalari doirasida davlat kommunal va sanoat korxonalari ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida ulgurji yetkazib berilayotgan 38,7 GVt elektr energiyasi va 5 million 800 ming metr kub chuchuk suv ishlab chiqaradigan 60 ta aktivni o‘z ichiga oladi.
Loyiha real vaqt rejimida havo izolyatsiyasiga ega ochiq taqsimlash qurilmasi orqali O‘zbekistonning milliy energiya tizimiga uzluksiz elektr energiyasi uzatish va kunu tun elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonini boshqarish uchun dunyo ekspertlari tomonidan loyihalashtirilgan eng zamonaviy konstruksion yechimlar, ekspluatatsiya va nazorat vositalaridan foydalanishni ko‘zda tutadi.

Sirdaryoda ana shunday yuqori quvvatga ega bo‘lgan quvvati 1 ming 500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlab yuborildi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA