Sirdaryoda "Eng faol talaba" mukofoti ta’sis etiladi
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev tashabbusi bilan viloyatdagi mavjud oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli, intiluvchan, jamoat ishlarida faol, o‘zining a’lo baholari va xulqi bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan talabalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Eng faol talaba" mukofoti ta’sis etilmoqda.

Mukofot miqdori mehnatga haq to‘lash bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarini tashkil etadi. "Eng faol talaba" jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan ishchi guruh tomonidan aniqlanib, ular ro‘yxati viloyat hokimligiga taqdim etiladi.
Bu talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, izlanuvchan, intiluvchan, jamoat ishlarida faol talabalar soni ortishiga, ular iqtidorini yuzaga chiqarishda ijobiy ahamiyat kasb etadi.



Viloyat hokimi tomonidan Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan "Talabalikka bag‘ishlov" tadbirida bildirilgan bu xayrli tashabbus nafaqat talabalar, professor-o‘qituvchilar, keng jamoatchilik vakillari tomonidan ham iliq kutib olindi.
G‘ulom Primov,O‘zA muxbiri