Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Uchrashuvda "Yoshlar 1+1 dasturi”, kasbga o‘qitish, o‘zini-o‘zi band qilish va boshqa murojaatlar bo‘yicha batafsil axborot berildi.
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamalash yili” va Prezidentimizning I Respublika "Yoshlar forumi”da so‘zlagan nutqidan kelib chiqadigan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Shirin shahar hokimining o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot rahbarlari Nurobod mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi uyushmagan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning yer ajratish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, imtiyozli bank kredit va subsidiya mablag‘lari ajratilishi yuzasidan murojaatlarni tingladi.
Uchrashuvda "Yoshlar 1+1 dasturi”, kasbga o‘qitish, o‘zini-o‘zi band qilish va boshqa murojaatlar bo‘yicha batafsil axborot berildi.
Uchrashuv yakunida qatnashganlar murojaatlarining asosiy qismi shu joyning o‘zida yechimini topgan bo‘lsa, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 3 nafar yosh o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirildi, 1 nafariga issiqxona tashkil qilish uchun subsidiya ajratildi. 2 nafar ishtirokchi tomonidan bildirilgan murojaat yuzasidan mutasaddi rahbarlarga vazifa yuklatib, ijrosini ta’minlash borasida alohida nazoratga olindi.
* * *
Sirdaryo viloyati hokimigida narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat tomonidan “Aholining keng qatlami, shu jumladan, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarning iste’moli hamda noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, OITS ga qarshi kurashish bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi reja ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
[gallery-1417]
Yig‘ilish kun tartibida jamiyatimizda muhim bo‘lgan, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli zararli illatlardan asrab-avaylash, aholi o‘rtasida narkotik moddalar tarqalishining oldini olish va ular o‘rtasida giyoxvandlikka qarshi kurashishda hamkorlik choralarini yanada kuchaytirilishining dolzarbligi, yoshlar tarbiyasini to‘g‘ri tashkil etish, ularni turli zararli odatlardan himoya qilishda yakdillik va hamkorlikning kengaytirilishi borasida chora-tadbirlar belgilab olindi.
* * *
Nukus shahrida 2006 yilda tavallud topgan bolalar o‘rtasida futzal bo‘yicha o‘tgan “Sport maktablari futbol ligasi” bellashuvlarida ishtirok etgan Sirdaryo viloyati yosh futzalchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytdi.
Bu haqda Mirzaobod tumani hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ixtisoslashgan hamda bolalar va o‘smirlar sport maktablari, olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi O‘zbekiston birinchiligida Mirzaobod tuman BO‘SM yosh futzalchilar jamoasi 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Sovrindor yosh futzalchilar tuman hokimligi, jismoniy tarbiya va sport bo‘limi va ishqibozlar tomonidan tantanali kutib olindi.
* * *
Boyovut tumanida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab ayollar o‘rtasida sportni keng targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida maktabgacha ta’lim bo‘limi, ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari va tarbiyachilari o‘rtasida sportning shaxmat, shashka, 100 metrga yugurush, uzunlikka sakrash turlari bo‘yicha “Ayollar sportakiadasi” tashkil etildi.
Sport musobaqalarida jami 125 nafar tumandagi MTTlarida faoliyat yuritayotgan ayollar ishtirok etdi.
Tadbir yakunida g‘oliblar ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi bo‘limi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
* * *
Sardoba tumanidagi markaziy stadionida “Yosh qutqaruvchilar” sport musobaqasida hududdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan tashkil topgan, har birida 6 nafardan ishtirokchi bilan jami 10 ta “Yosh qutqaruvchilar” jamoalari g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Musobaqaning asosiy maqsadi favqulodda vaziyatlar chog‘ida to‘g‘ri harakt qilish, jabrlanganlarni qutqarish, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda tezkorlik va aniqlik darajasini amalda sinab ko‘rishdan iborat.
Musobaqaning umumiy natijalariga ko‘ra: 1-o‘rinni tumandagi 6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Yosh qutqaruchilar”i qo‘lga kiritib, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. 2-o‘rin 7-sonli va 3-o‘rin esa 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab jamoalari o‘quvchilariga nasib etdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning tuman bo‘limi, tuman xalq ta’limi bo‘limining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat) O‘zA