Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan “Biz birgamiz!” loyihasi doirasida Guliston shahridagi “Goʻdaklar uyi” tarbiyalanuvchilariga sovgʻalar taqdim etdi.
Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan “Biz birgamiz!” loyihasi doirasida Guliston shahridagi “Goʻdaklar uyi” tarbiyalanuvchilariga sovgʻalar taqdim etdi.
– Viloyat adliya boshqarmasi bolajonlarni hech ham esdan chiqarmaydi, barcha bayram va hayit kunlari hamisha yoʻqlab kelishadi, – deydi “Goʻdaklar uyi” direktori Tursunoy Xolboyeva. – Biz ulardan judayam minnatdormiz. Koʻp yillik tajribamdan kelib chiqib aytganda, bolajonlar mehr va eʼtibor talab. Kichik yoshda boʻlishlariga qaramay, ular, oʻzlariga mehr koʻrsatgan insonlarni eslab qoladi.
***
Yangiyer shahridagi 3- va 4-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktablarida maktablar ochilishi yuzasidan uslubiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Seminar maktablarning holatini oʻrganish bilan boshlandi. Jumladan, Yangiyer shahrida maktablarning ochilishi yuzasidan ularning oʻquvchilarni qabul qilish borasidagi tayyorgarligi hamda maktablarning ochilishi uchun belgilangan normalar bilan tanishildi va maktab direktorlariga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, maktablarda oʻquvchilarning belgilangan karantin qoidalariga amal qilishini taʼminlash, oʻquv xonalarida sanitariya qoidalariga rioya qilish asosiy vazifa qilib olindi.
***
Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimida mehnat qilayotgan va pandemiya davrida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolayotgan bir guruh tibbiyot xodimlariga qimmatbaho sovgʻalar tuhfa etildi.
– Koronavirusga qarshi kurashda, infeksiyani yuqtirib olgan fuqarolarimizni oyoqqa turgʻazishda nihoyatda ulkan xizmati singayotgan shifokorlarimizga qancha sovgʻa qilinsa, shuncha kam, – deydi viloyat hunarmand uyushmasi raisi Muzaffar Rahmatov. – Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan viloyatimiz hunarmandlari tomonidan yaratilgan eng sara asarlarini taqdim etish – biz uchun faxrdir.
***
Guliston shahrida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashi raisini saylash yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Sirdaryo viloyati “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi etib, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sohibasi Nargiza Xolboyeva saylandi.
-Nargiza Xolboyeva raislikka eng munosib nomzod,. – dedi kengash yigʻilishida ishtirok etgan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining oʻrinbosari, Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Indira Xoldorova. – Sababi, Nargiza opaning mehnatlari tufayli Sirdaryo viloyati yoshlari katta natijalarga erishdi va erishyapti ham. Oʻylaymanki, Nargiza Xolboyeva Ittifoq raisi sifatida ham katta natija va marralarni egallaydi.