Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Guliston shahrida yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda estetik salohiyatini yuksaltirish maqsadida badiiy gimnastika bo‘yicha “Shahar hokimi olimpiadasi” tashkil etildi. Mazkur bellashuv “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident olimpiadasi – 2026” ommaviy sport musobaqalari doirasida o‘tkazildi.
Musobaqada Guliston shahar sport maktabi va mahalliy to‘garak a’zolari bo‘lgan yuzdan ortiq iqtidorli gimnastikachilar o‘z mahoratini namoyish etdi. Qizlarning nafis harakatlari va murakkab texnik elementlari hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘z yosh toifalarida 17-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Dilnoza Ummatqulova hamda 2-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Shahnura Safarova mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘llanma oldi.

***
Sirdaryo viloyatida O‘zLiDeP tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Yurakka yo‘l” aksiyasi o‘z ijobiy natijalarini bermoqda. Mirzaobod tumanining “Do‘ngariq” mahallasida “Mahalla yettiligi” hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda uyma-uy yurishlar tashkil etildi.
O‘rganishlar davomida o‘nlab fuqarolarning yashash sharoitlari, ijtimoiy va sog‘liq bilan bog‘liq muammolari atroflicha o‘rganildi. Har bir murojaat yuzasidan sog‘liqni tiklash, moddiy yordam va kadastr masalalari bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. Aksiya doirasidagi bunday ochiq muloqotlar jamiyatda ijtimoiy adolatni ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

***
Guliston tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga asosan, “S.S.H.” fermer xo‘jaligining “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi oldidagi 49,3 million so‘mlik qarzdorligini undirish belgilangan edi. Majburiy ijro byurosi (MIB) Guliston tuman bo‘limi tomonidan berilgan ixtiyoriy muddatda qarzdorlik bartaraf etilmadi.

Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor xo‘jalikka tegishli “Volkswagen” rusumli avtomashina xatlanib, jarima maydonchasiga joylashtirildi. Hozirda avtotransport vositasini baholash va auksion savdolariga chiqarish ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislar ijro hujjatlari talablarini o‘z vaqtida bajarmaslik mana shunday huquqiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantiradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri