Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Oqoltin tumanidagi “Navro‘z qut barakasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli baliqchilik xo‘jaligi hududiga umumiy quvvati 320 kVt. bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib, ishga tushirildi.
Korxonaga qarashli baliqchilik xo‘jaligiga o‘rnatilgan quyosh panellari hisobidan oyiga o‘rtacha 70 MVt/soat, yiliga 900 MVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilsa, ehtiyojdan ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlatga sotish evaziga yiliga 600 mln. so‘m miqdorida foyda olish rejalashtirilyapti.

– Har tomonlama maqbul bo‘lgan bu tizimning ommalashuvi davlatga ham, jamiyatga ham, aholiga ham foydali bo‘ladi, – deydi Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Alisher Gaffarov. –Viloyatimizda Oqoltindagi “Navro‘z qut barakasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga o‘xshash korxonalardan 934 tasi, ijtimoiy muassasalarning 456 tasi, aholi xonadonlarining 1026 tasi bugungi kunda qayta tiklanuvchi elektr manbasidan foydalanayapti.
***
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasiga “MARS Incorporated” (AQSH) kompaniyasi ushbu jamiyatga tegishli bo‘lgan tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgani to‘g‘risida murojaat kelib tushdi. Murojaatga asosan belgilangan tartibda “A” MCHJda tekshiruv o‘tkazilganda “MARS Incorporated” kompaniyasining “Bounty” nomli tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanib, “Bvanty” nomi ostida kontrafakt shirinlik mahsuloti sotayotganligi aniqlandi.


Boshqarma matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur qonunbuzilish holati yuzasidan “A” MCHJga taqdimnoma kiritilishi natijasida “Bounty” nomli tovar belgisidan foydalanishda huquq egasining huquqlarni buzuvchi harakatlari to‘xtatildi hamda kontrafakt mahsulotlari va ularning etiketka o‘ramlari belgilangan tartibda yo‘q qilinishi ta’minlandi.
***
Xovos tumanida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy-maishiy muammolarni hal etish hamda aholining hushyorligini oshirish maqsadida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida belgilangan chora-tadbirlar doirasida turli tadbirlar o‘tkazilib, keng ko‘lamli obodonlashtirish bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.


Mazkur tamoyil asosida tuman markazidagi umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilarning xavfsiz harakatini tashkil etish hamda ularga qulay sharoitlar yaratib berish maqsadida 2 kilometrdan ortiqroq piyodalar yo‘lagi barpo etildi.Ushbu yo‘lak tumandagi to‘rtta umumta’lim maktabi hamda 4 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga xavfsiz va qulay borish imkonini beradi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri