Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiyer shahrida yoshlar festivalining ochilish marosimida shahar hokimi Otabek Nosirov so‘zga chiqib, Yangiyer shahrida yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.



Bu yilgi yoshlar oyligida faqat konsertlar emas, kitobxonlik tanlovlari, shaxmat, futbol, mini-futbol kabi qator sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Tadbir davomida “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilayotgan “Mening farzandim vatanim faxri” shiori ostidagi loyiha asosida viloyatda yuqori natijalarga erishgan yoshlar hamda maktabni a’lo baholarga bitirishi bilan dunyo miqyosidagi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan bitiruvchilarni va ularning ota-onalariga tashakkurnoma va sovg‘alar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
* * *



30 iyun – “Yoshlar oyligi” munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida “Ma’rifat” targ‘ibotchilari ishtirokida Sardoba tumani hokimligida aholi vakillari va yoshlar ishtirokida “Ma’naviy-ma’rifiy” tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, filologiya fanlari nomzodi Olimjon Toshboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mehmonali Salimov, Dilfuza Rahimova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat rahbari Murodjon Hayitov, Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
* * *
So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson manfaatlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan, xotin-qizlarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.


Guliston tumani hokimi va tuman sektor rahbarlari boshchiligida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”da turuvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillariga 250 kilodan bug‘doy va somon presslari tarqatildi hamda tuman sektor rahbarlari tomonidan 2 ming 750 oilalar otaliqqa olindi.
* * *


Kasaba uyushmalari Sirdaryo viloyati birlashmasi tomonidan viloyatning eng chekka hududi Xovos tumaniga qarashli “Oqchangal”, “O‘zbekiston to‘kinchiligi” mahallalarida yashovchi bir guruh ayollarning Toshkent shahriga sayohati tashkil etildi. Sayohat davomida xovoslik ayollar “Oqsaroy” qarorgohida, “G‘alaba” bog‘ida, “Toshkent siti”da va yana poytaxtning ko‘plab diqqatga sazovor joylarida bo‘ldilar.
* * *
Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi majlislar zalida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi, “Dialog” NNT bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis huzuridagi NNT, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi mablag‘lari hisobidan davlat buyurtmasini bajarish maqsadida, “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishda ijtimoiy hamkorlik” nomli loyihasi doirasida hamkor tashkilotlar ishtirokida seminar-trening tashkil etildi.


Seminar-treningda viloyatning shahar-tuman ijtimoiy moslashuv maslahatxonasi mas’ul xodimlari va hamkor tashkilotlar vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi. Qatnashchilarga zo‘ravonlik va gender zo‘ravonlik tushunchalari, zo‘ravonlik sabablari va oqibatlari, jabrlanuvchilar bilan ishlash kabi mavzular bo‘yicha ma’lumot berildi.
Sh.Suyarov, O‘zA.