Sirdaryo viloyati xabarlari –qisqa satrlarda
Guliston shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi, shahar tibbiyot birlashmasi, “Oqila ayollar” harakati a’zolari hamkorligida “Namuna” mahallasida “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakati dasturini amalga oshirish bo‘yicha tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda inson salomatligini saqlashga, umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishga yordam beradigan vitaminga boy mahsulotlar, inson salomatligiga, uning umr ko‘rish davomiyligiga salbiy ta’sir etuvchi zararli mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etilib, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarning foyda va zararlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.


Hamshiralar tomonidan ko‘rsatib berilgan “Assalom, tong!” tonggi badantarbiya, gimnastika mashqlari o‘z sog‘lig‘i haqida qayg‘uradigan aholi vakillari uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tadi.


–Madaniy-ma’rifiy, sog‘lomlashtirish tadbiri ishtirokchilariga “To‘g‘ri ovqatlanish”, “Sog‘lom turmush tarzi va shaxsiy gigiyena”, “Jismoniy faollik”, “Nuroniylar”, “Orasta qizlar” guruhlarining maqsad va vazifalari to‘g‘risida ma’lumot berildi, - dedi Guliston shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Payziyeva. - “Namuna” MFY binosida o‘z sog‘lig‘ini nazoratdan o‘tkazishni istagan fuqarolar uchun ham sharoitlar yaratilib, tadbir ishtirokchilariga salomatlikni asrashga oid targ‘ibot materiallari tarqatildi.


***
Donorlar kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati qon quyish stansiyasida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyat bo‘limi hamda “Adolat” SDP Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan “Beg‘araz qon” donorlik aksiyasi o‘tkazildi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati qon quyish stansiyasi xodimlari, donorlar, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyati bo‘limi hamda “Adolat” SDP Sirdaryo viloyati Kengashi vakillari ishtirok etdi. Joriy yilning olti oyi mobaynida o‘tkazilgan “Beg‘araz qon donorligi” aksiyalari va boshqa xayriya tadbirlarida 3700 dan ziyod beg‘araz qon donorlari ishtirok etgan.

–Donor qoni asosida qayta ishlangan, eritrotsit massa onkologik va gematologik kasallikka chalingan bemorlar, yo‘l transport hodisalari ishtirokchilari, tug‘uruq yoshidagi ayollar, bolalar, xullas boshqa turdagi kasallikka chalingan bemorlar uchun nihoyatda zarur, – dedi Sirdaryo viloyati qon quyish stansiyasi rahbari Haydar Salomov. – Chunki qon donori topshirgan qonni o‘rnini boshqa mahsulotlar bosa olmaydi. Shunday ekan har bir donorga hurmat ko‘rsatib, shunga yarasha yaxshi munosabatda bo‘lishimiz kerak. Butun jahon donorlar kuni munosabati bilan stansiyada navbatdagi aksiya o‘tkazildi.
Sh.Suyarov, O‘zA.