Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat bo‘limi tashabbusi bilan viloyat hokimligi, xalq deputatlari viloyat Kengashi hamkorligida Yangiyer shahri va Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” nogiron ayollar uchun internat uylarida yashayotgan xotin-qizlar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida fond tomonidan davolanuvchilarga shaxsiy gigiyenik, antiseptik vositalar va niqoblar taqdim etildi.
– Mehr-muruvvat bu – biz bir-birimizga berishimiz zarur bo‘lgan eng muqaddas tuyg‘u, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruv raisi Bahodir To‘xtasinov. – Ruhan sog‘ligini yo‘qotgan insonlarga e’tibor ko‘rsatish bilan ularni dardlariga malham bo‘lish va ularga quvonch bag‘ishlash mumkin va bu har birimizning qo‘limizdan keladi.

***
Istiqlolning 30 yilligi oldidan Guliston tumani “Sohilobod” mahalla fuqarolar yig‘inining zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan yangi binosi qurib, foydalanishga topshirilgani, shu hududda yashovchi 1 ming 680 oilaga ajoyib bayram tuhfasi bo‘ldi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘.Abdiyev va tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Sh.Xushmuratov ishtirok etib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla instituti faoliyatini yanada rivojlantirish, uni eng xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Ayni paytda, Guliston tumanida 13 ta mahalla fuqarolar yig‘ini yangi binolariga ega bo‘ldi.
***
Sirdaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasida Prezidentimizning 2017 yil 29 noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoya qilish va xodimlarning muhofazasini kuchaytirish maqsadida, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini to‘laqonli anglab, zimmalaridagi xizmat vazifalarini vijdonan bajarib, ichki ishlar organlarining xalq orasidagi obro‘sini oshirishga sidqidildan o‘z hissalarini qo‘shganliklari, bilim saviyasi va kasbiy tayyorgarligi bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan ichki ishlar organlari tarkibiy tuzilmalari, hududiy bo‘linmalarining 17 nafar xodimi pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.
Shuningdek, o‘zining fuqarolik burchini bajarib, fuqarolar orasida ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga munosib hissasini qo‘shgan fuqaro Sardorbek O‘rozov viloyat IIBning tashakkurnoma hamda qimmatbaho sovg‘asi bilan taqdirlandi.
***
“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Sirdaryo tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman Kengashi tomonidan bitiruvchi o‘quvchilar uchun motivatsion o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
– Oliy ta’lim muassasalariga kirish testlari oldidan tashkil qilingan ushbu seminar biz o‘quvchilar uchun katta motivatsiya bo‘ldi, – deydi Charos Shodmonqulova.
Loyiha yakunida faol ishtirok etgan yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 20 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida – Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan joriy yilning 1 yanvar kunidan boshlab aholiga ID-kartalar rasmiylashtirib berilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 31 may kuniga qadar 12 ming 97 nafar shaxsga ID-kartalar rasmiylashtirilib, tantanali ravishda topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, yangi tartibga ko‘ra, fuqarolarni ID-kartalar bilan hujjatlashtirishning birinchi bosqichi – 2021 yil 1 yanvaridan 2022 yil 31 dekabrigacha, ixtiyoriy ravishda, ikkinchi bosqich – 2023 yil 1 yanvardan 2029 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda almashtirilishi belgilangan.
Shuningdek, ID-kartani rasmiylashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi, ya’ni 218 ming 50 so‘m miqdorida davlat boji undiriladi.

***
Boyovutlik deputatlardan tashkil topgan futbol jamoasi – Toshkent shahrida o‘tishi belgilangan “Parlament musobaqalari”ning final bosqichida ishtirok etadi.
Xalq deputatlari Boyovut tuman Kengashi deputatlaridan tashkil topgan futbol jamoasi futzal bo‘yicha “Parlament musobaqalari” doirasida Sirdaryo viloyati bosqichida barcha tuman va shahar deputatlar jamoalari ustidan g‘alaba qozonib, respublika hududiy bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan edi.
Kuni kecha Jizzax shahrida “Parlament musobaqalari” turniri doirasida respublika hududiy bosqichi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. Boyovut tuman Kengashi deputatlaridan tashkil topgan futbol jamoasi jizzaxlik deputatlarni 6:2 hisobida dog‘da qoldirib, Toshkent shahrida o‘tkazilishi kutilayotgan “Parlament musobaqalari”ning yakuniy bosqichiga yo‘llanma oldi oldi.

***
Guliston davlat universitetida “Til markazi” tashkil etildi
2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Guliston davlat universitetida “Til markazi” tashkil etildi.
Ushbu markazda chet tili fanlari o‘qituvchilarining xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi va shu orqali ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida Sirdaryo viloyatidagi barcha maktablarda ingliz tili o‘qituvchilari uchun 3 oyga mo‘ljallangan muddatli ustama va xalqaro sertifikatlar olishga tayyorlov kurslari tashkil etildi.
Universitet qoshida ochilgan ushbu “Til markazi”da ingliz, nemis, koreys va rus tilidan o‘quv kurslari tashkil etildi. Bu yerda har bir tinglovchi o‘zi istagan darajada til ko‘nikmalariga ega bo‘lishi mumkin. Har qanday soha mutaxassislari xorijiy tillarda muloqot qilishi, ish faoliyatini xorijiy tilda erkin olib borishi, xorijiy va milliy sertifikatlarni tez va oson qo‘lga kiritishi uchun zarur shart-sharoit, bilim va tajriba kafolatlanadi.

***
Tez kunda IT-Park Sirdaryo viloyati aholisi uchun yangi “Tumaris Edu” loyihasini boshlaydi.
“Tumaris Edu” – 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarni axborot va kommunikatsiya texnologiyalariga o‘rgatish, ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va raqobatbardosh IT-loyihalarni amalga oshirishda ayollarni bosqichma-bosqich o‘qitishga qaratilgan loyihadir.
Dastlabki bosqichda loyiha Sirdaryo viloyati aholisi orasida yuqori malakali mutaxassislarni axborot texnologiyalari, dasturlash va ingliz tili o‘quv dasturlari bo‘yicha tayyorlaydi.
Ushbu loyiha tashabbuskorlari va tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT-Park, shuningdek, Sirdaryo viloyati hokimligi hisoblanadi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat) O‘zA