Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sirdaryo viloyatidagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan bir guruh xotin-qizlar uchun Guliston shahridagi “IT PARK” o‘quv markaziga sayohat tashkil etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Guliston shahar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbir davomida ushbu sohaga qiziqish bildirgan xotin-qizlar zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan yaqindan tanishtirildi.
Markaz rahbariyati tomonidan u yerdagi sharoitlar, keng imkoniyatlar borasida to‘liq ma’lumot berildi. Sohaga qiziqish bildirgan, markazda o‘qish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning ro‘yxati shakllantirildi.
****************
Sayxunobod tumanida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar bormi? Aholi bu borada ma’lumotga egami? Tadbirkorlar uchun yana qanday imkoniyatlar kerak? Tumandagi Bosh vazir qabulxonasi qoshida tashkil etilgan Jamoatchilik Kengashi a’zolari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda ayni masalalar tahlil qilindi.
Ishtirokchilarga tuman adliya bo‘limi tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga oid yangi qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.
Tuman davlat xizmatlari markazida esa “Yoshlar bilan uchrashuv” tashkil etilib, unda tuman adliya bo‘limi, hududdagi Bosh vazir qabulxonasi, AT “Xalq banki” tuman filiali, davlat xizmatlari agentligi tuman markazi va “O‘zLiDeP” tuman kengashi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda “Mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan vazifalar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105ta litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilingani, 115 tasi bo‘yicha esa tartib-qoidalar soddalashtirilgani, pandemiya sharoitida aylanma mablag‘ tanqisligiga duch kelgan tadbirkorlar oyoqqa turib olishi uchun ularga ko‘mak berish davom ettirilishi ta’kidlandi.

**************
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID kartalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, Sayxunobod tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yil boshidan buyon tumanda istiqomat qiluvchi 265 nafar fuqaroga ID kartalari bir ish kunida rasmiylashtirilib berildi. Fuqarolarning chet elga chiqishi uchun yil boshidan 570 nafar fuqaroga chet elga chiqish pasportlari rasmiylashtirildi.
******************
Sirdaryo viloyati prokurorining tashabbusi bilan 2-sektor hududi hisoblangan Yangiyer shahri, Boyovut va Sayxunobod tumanlarida “Workout” majmualari tashkil etildi.
Ushbu majmualarning tashkil qilinishi natijasida 26 ming nafar aholi, 900 nafardan ortiq mehnat jamoalarining bo‘sh vaqtida sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratib berildi.
Bundan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazayotgan aholi, ayniqsa yoshlar juda mumnun.

A.Qayumov,
F.Toshmatov(surat), O‘zA