Sirdaryo viloyati “Nuroniylar maskani” ochildi
Ushbu maskanni ochilishida “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni S. Turdiyev, “Nuroniy” jamg‘armasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi O‘. Abdiyev mamlakatimizda nuroniylarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik yangi bosqichga ko‘tarilgani, yoshlarni ertangi kunning munosib vorislari qilib tarbiyalashda nuroniylarning zimmasidagi mas’uliyat ortganini alohida ta’kidladi.
— Mahallamizda tinchlik-totuvlik muhitini ta’minlashda, yoshlar tarbiyasida nuroniylarimizning alohida o‘rni bor, — deydi sirdaryo tumanidagi “Beshbuloq” mahallasi “Keksalar maslahat” guruhi raisi Ro‘zimat Akramov, –O‘zbekiston bo‘ylab har bir nuroniyga tarbiyasi og‘ir, oilaviy sharoiti nochor, yetim yoki qarovchisi yo‘q yoshlar biriktirilmoqda. Men ham 10 nafar yoshlar bilan ish olib boryapman. Yoshlarimiz orasida nojo‘ya ish qiladigan, tarbiyasi og‘irlar yo‘q. Menga biriktirilgan yoshlardan ikkitasiga yer olib berdik, dehqonchilik sirlarini tushuntirdik. Oliy o‘quv yurtida o‘qiydigan ikki nafariga shartnoma pulini to‘lab berdik.
Bu avvlo mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarning natijasidir. Shu bilan birga biz keksa avlod vakillari hamjihatlikda yoshlar tarbiyasiga bosh-qosh bo‘lishimiz muhim.
Sirdaryo tumanidagi “Oqibat” mahallasi “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik tuzilmasi raisi Mavluda To‘rajonova ham “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul”, “Nuroniy har bir oilaga mas’ul” tamoyillari asosida ibratli ishlarni amalga oshirmoqda.
— O‘qishga qiziqishi bor, ammo oilasida moddiy imkoniyati yo‘q yoshlarimizdan 4 nafariga hokim yordamchisi bilan hamjihatlikda shartnoma pullarini to‘lashga yordam berib, o‘qishni davom ettirishiga erishdik, — deydi Mavluda To‘rajonova. – Bir nafar tarbiyasi og‘ir yoshimiz bilan ma’rifiy-psixologik suhatlar o‘tkazib, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga ishga joyladik. Chunki, ko‘p hollarda nojo‘ya hatti-harakatlar bekorchilikdan kelib chiqadi.
Erkaboy ota Jumayev o‘ziga biriktirilgan yoshlarga sartaroshlik hunarini o‘rgatib, ish bilan ta’minlashga yordam bermoqda. Ahmat ota Ne’matov yoshlarni eng avvalo oilada tarbiyalash zarur deb, 4 nafar nevarasi tarbiyasini o‘z zimmasiga olgan va ularning til o‘rganishini alohida nazorat qilmoqda. Ayni paytda Ahmat otaning nevaralaridan biri harbiy qismda tarjimonlik qilayotgan nevarasining komandirlaridan tashakkurnoma olganidan otaxoni juda mamnun.
Qizg‘in suhbatga boy uchrashuv so‘ngida yig‘ilganlar Sirdaryo tumanidagi “Nuroniylar maskani”da yaratilga shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi. Shuningdek, Sirdaryo tumani nuroniylarini Samarqand viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayohatga yuborishga kelishib olindi.
O‘zA