Sirdaryo sohili ekoturizm maskaniga aylanadi
Sirdaryo viloyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yana bir yirik loyiha amalga oshiriladi. Bu Prezidentimizning 2025 yil 6 martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti va infratuzilmani yaxshilashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qaror ijrosi doirasida Guliston va Sirdaryo tumanlari orqali o‘tuvchi Sirdaryo daryosi bo‘ylab ekologik va zamonaviy turizm ob’ektlari barpo etiladi. Loyiha doirasida ekoparklar, chodirli va o‘tovli lagerlar, qayiqda sayr qilish, suv sayohatlari, baliq ovlash maskanlari hamda baliq taomlariga ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish nuqtalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Guliston tumani hokimligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda viloyat hokimligi huzuridagi loyiha ofisi, Arxitektura va qurilish boshqarmasi, shuningdek Malayziyaning “Apudg sdn bhd” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda daryo bo‘yi hududini funksional turizm zonalariga ajratish bo‘yicha master reja ishlab chiqishga kelishib olindi.
– Bu tashabbus nafaqat tumandagi turizm salohiyatini oshiradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratib, mahalliy iqtisodiyotga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng muhimi, ekologik muvozanatni saqlagan holda aholi va mehmonlar uchun estetik muhitda dam olish imkonini beradi, – deydi Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, mazkur loyiha xorijiy tajribalarni mahalliy sharoitga moslashtirgan holda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, u hududdagi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, turizm xizmatlarini kengaytirish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam beradi. Eng muhimi, ushbu loyiha hisobiga Guliston va Sirdaryo tumanlarining turistik salohiyati oshadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri