"Sirdaryo olimpiadasi" g‘oliblari taqdirlandi
Yoshlarda sportga bo‘lgan havas va intilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini yanada kuchaytirish, yoshlarni sport mashg‘ulotlariga uzluksiz jalb etishga qaratilgan sport musobaqalari tizimini yanada takomillashtirish maqsadida joriy yil aprel oyidan boshlab mahalla yoshlari o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” boshlangan edi. Musobaqalarning mahalliy va viloyat bosqichlari yakunlanib, g‘oliblar aniqlangach viloyat hokimining tashabbusi bilan "Sirdaryo olimpiadasi" sport musobaqalari o‘tkazildi.
Alpomish majmuasida "Sirdaryo olimpiadasi" musobaqalari sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Mazkur olimpiada doirasida o‘tgan mini futbol, voleybol, stritbol, stol tennisi turlari bo‘yicha sport musobaqalariga 3 yarim mingdan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Marosimda musobaqaning tuman va shahar, viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 69 nafar ishtirokchi taqdirlandi.

Natijalarga ko‘ra, mini futbol bo‘yicha g‘oliblik Guliston shahrining "Bog‘ishamol" mahallasi yoshlariga nasib etdi. Voleybol sport turi bo‘yicha Boyovut tumani Amir Temur mahallasi qizlar jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Stol tennisi bo‘yicha qizlar o‘rtasida o‘tgan bahslarda Oqoltin tumani "Bo‘ston" mahallasidan Nafosat Aliqulova g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Oilalar o‘rtasidagi stritbol bahslarida 1-o‘ringa Xovos tumani "Istiqlol" mahallasidan Haydarovlar oilasi munosib, deb topildi.

Taqdirlash marosimi “Besh tashabbus olimpiadasi” ikkinchi mavsumining ochilishiga ulanib ketdi. Olimpiadaning ikkinchi mavsumi doirasida yoshlar madaniyat, san’at, sport, kitobxonlik, IT yo‘nalishlari bo‘yicha tanlov va musobaqalarda ishtirok etishi mumkin.

“Besh tashabbus olimpiadasi” davomida madaniyat va san’atni targ‘ib qilishga qaratilgan “Yoshlar raqs festivali”, “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” tanlovlari, sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirishga qaratilgan voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, badminton, stol tennisi, "stritbol", "street workout", milliy kurash bo‘yicha sport musobaqalari, kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan “Kibersport” musobaqasi, yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Zakovat” intellektual o‘yini, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan an’anaviy “Yosh kitobxon”, “Quvnoqlar va zukkolar” kabi tanlovlar mahalladan boshlab tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ikkinchi mavsum 5 ta – mahalla, sektor, tuman, hudud, respublika bosqichida o‘tkaziladi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA