Simo Abbosiy: Qadriyatlarimiz, bayramlarimiz mushtarak
Navro‘z azal-azaldan yangilanish, yasharish, yaqinlar bilan diydorlashuv, o‘zlikni anglash, qadriyatlar fasli sifatida e’zozlab kelingan.
Sharq xalqlarini bir-biriga mushtarak bog‘lab turadigan bu ayyomda kishilarni jipslashtiruvchi, birdamlashtiruvchi kuch mavjud. Eronda qadim zamonlardan beri nishonlanadigan Navro‘z shu kunga qadar qadriyati, urf-odatlari bilan barchani o‘ziga jalb qilib keladi. Mana endi ayni bayram O‘zbekistonda ham yuqori kayfiyatda, o‘zgacha shukuh bilan nishonlanishiga ham guvoh bo‘ldim.

Bugun Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Har kuning o‘lsun Navro‘z” haftaligi doirasida o‘tkazilgan “Navro‘z – Sharq xalqlarining qadimiy bayrami” nomli badiiy tadbirni kuzata turib, hayratlandim. O‘zbekiston, Eron, Afg‘oniston va boshqa sharq mamlakatlari uchun qadrdon hisoblangan Navro‘zni universitet talabalari mohirlik bilan umumlashtirib, badiiy kecha tashkil etishdi.
Erondagi “Haft sin” (7 ta sin harfi bilan boshlanuvchi mahsulot), “Sumalak” kabi an’anaviy taomlarni tayyorlash o‘zbekona lutf bilan fors tilida she’riy usulda taqdim qilingani, barchaning qalbiga yetib boradigan qo‘shiqlar jonli ijro etilgani yig‘ilganlarga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Tadbirda Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Hamid Nayrobodiy barcha mehmonlarni, qolaversa, universitet jamoasini Navro‘z ayyomi bilan qutladi.
Musofirlikda, yaqinlardan uzoqda yashash, ularni tez-tez sog‘inish odamni biroz tushkunlikka tushiradi. Binobarin, urf-odat, bayram, qadriyatlar mushtarak bo‘lsa, buning ustiga yaxshi odamlar tafti sezilib tursa inson tushkun kayfiyatdan tezroq chiqadi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bugungi bayramni kuzatar ekanman, o‘z uyimdan uzoqda bo‘lsam-da, an’analarimiz o‘xshash, ayyomlarimiz ko‘ngilga yaqin, jamoamiz juda ahil ekanidan g‘ururlanib ketdim!
Simo Abbosiy,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi volontyor-o‘qituvchisi