“Silk Road Kokand” xalqaro yarim marafoni yuqori saviyada tashkil etildi
Qo‘qon shahrida “Silk Road” xalqaro yarim marafoni bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning turli hududlari hamda xorijiy davlatlardan kelgan 4 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Mazkur musobaqa “Silk Road Uzbekistan” bahoriy turkumining yakuniy bosqichi sifatida tashkil etildi.
Qadimiy Qo‘qonning tarixiy ko‘chalari bo‘ylab o‘tgan musobaqa sport, turizm va madaniy merosni o‘zida mujassam etgan yirik xalqaro tadbirga aylandi.

Tadbir Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etildi.

Marafonning start shaharchasi Farg‘ona vodiysining mashhur me’moriy yodgorliklaridan biri — Xudoyorxon saroyi yonida joylashtirildi. Mehmonlar va ishtirokchilar musobaqa bilan bir qatorda Qo‘qonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
“Silk Road Uzbekistan” loyihasi mamlakatda ommaviy sport madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, Nukus, Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarida ham bosqichma-bosqich o‘tkazib kelinmoqda. Loyiha sport turizmini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Musobaqa dasturidan yarim marafon, 5 va 10 kilometrlik yugurishlar, bolalar uchun “Kids Run” startlari, talabalar o‘rtasidagi “Talaba Yugur” ommaviy yugurishi hamda “Inson Uchun” inklyuziv xayriya yugurishi o‘rin oldi.
Ayniqsa, “Inson Uchun” xayriya yugurishi tadbirning eng ta’sirli yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Unda nogironligi bo‘lgan shaxslar, professional sportchilar va yugurish ishqibozlari bir masofada qatnashib, ommaviy sportning barcha uchun ochiq va birlashtiruvchi maydon ekanini namoyon etdi.

“Kids Run” bolalar startlari esa tadbirga haqiqiy oilaviy sport bayrami muhitini bag‘ishladi. Yosh ishtirokchilar tashkilotchilar va hamkorlar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Musobaqa sovrin jamg‘armasi 153 million so‘mni tashkil etdi.
Yarim marafon, 5 va 10 kilometrlik bahslarda erkaklar va ayollar o‘rtasida 18 ta sovrinli o‘rin uchun g‘oliblar aniqlandi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, asosiy masofalarda quyidagi ishtirokchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi:
21 km:
— Marjona Ahmadaliyeva — 1:17:30
— Andrey Petrov — 1:03:40.
10 km:
— Dilshoda Usmonova — 0:36:32
— Jobir Qahhorov — 0:30:12.
5 km:
— Mehriniso Umaraliyeva — 0:17:35
— Otabek Toshquvvatov — 0:14:46.
“Silk Road Kokand” marafoni ommaviy sportga qiziqish tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Musobaqa turli yosh va kasb egalari, shuningdek, turli mamlakat vakillarini sog‘lom turmush tarzi, harakat va birlik g‘oyalari atrofida jamladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA