Sifatli tanlangan urug‘ va ko‘chat – mo‘l hosil garovi
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholiga sifatli va arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bugungi kunning muhim masalalaridan biri. Bu borada Navoiy viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilib, mevachilik, sabzavotchilik, uzumchilik va kartoshkachilikni talab darajasida rivojlantirishga e’tibor qaratilyapti.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan bog‘, tokzorlar yaratish, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini ekish tadbirlari alohida nazoratga olingan.
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi matbuot kotibi Zulfiya Boboyevaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, viloyatda o‘tgan 2020 yilda 773 gektar bog‘, 580 gektarda yangi tokzor tashkil etildi. 2021 yilda esa 3232 gektar joyda yangi bog‘, 3876 gektarda intensiv usulda yangi tokzorlar tashkil etish bo‘yicha 480 nafar loyiha tashabbuskori tanlab olingan. Shuningdek, 2359 gektarga sabzavot, 533 gektarga poliz ekinlari va 705 gektar maydonda kartoshka ekilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumki, viloyat aholisining aksariyat qismi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Viloyat bo‘yicha jami 12 786 gektar tomorqa mavjud bo‘lib, undan to‘laqonli foydalanish sabzavot, kartoshka va poliz ekinlaridan yuqori hosil olishni ta’minlaydi.
Tibbiyot xodimlarining ta’kidlashicha, sabzavot va mevalarning dasturxonda doimiy bo‘lishi oila a’zolarining jismoniy sog‘lom bo‘lishini ta’minlovchi muhim omildir. Shu bilan birga, ortiqcha mahsulotni sotish orqali oila byudjetiga qo‘shimcha sarmoya kiritiladi.
Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari mahsulotiga bo‘lgan talab kundan-kunga o‘sib bormoqda. Shuni e’tiborga olgan dehqonlarimiz yuqori sifatli mahsulot olish uchun kurashmoqda. Ayniqsa, shahar va tumanlarda issiqxonalarning ko‘plab qurilishi aholini qish paytlarida ham vitaminlarga boy sabzavotlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Ammo bu aytilgani qadar oson ish emas, uning ham o‘z sir-sinoatlari bor.
– bugungi kunda dehqon va fermer xo‘jaliklari dalada sabzavot, poliz va kartoshka ekish uchun yer tayyorlash, ko‘chat va urug‘liklarni jamg‘arishga kirishgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasining qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va ta’minotini nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Abbos Rizoqulov.
– Afsuski, ayrim hollarda dehqonlarimizning e’tiborsizligi tufayli navi, avlodi aniq bo‘lmagan, saralanmagan, zararkunanda va kasalliklarga qarshi dorilanmagan mevali ko‘chatlar, sabzavot-poliz, kartoshka urug‘laridan foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yiladi. Natijada, sertifikatlanmagan urug‘lar zamburug‘li kasalliklar, kolorado qo‘ng‘izi, simqurtlar va boshqa hasharotlarning tarqalishiga sabab bo‘lib, ekinlarga zarar keltirmoqda.
Shuni e’tiborga olgan har bir sabzavot yetishtiruvchi va fermer dehqon xo‘jaliklari zararkunanda va kasalliklarning tarqalishini oldini olish bo‘yicha birlamchi bilimlarga ega bo‘lishi kerak. Xususan, kartoshka urug‘ini tanlash uchun birinchi navbatda uning navi, urug‘ning pindiqlagani (nishlaganligi), kasallanmagani yoki chirimaganligi va zararkunandalar bilan zararlanmaganligini aniqlash kerak.
Qo‘shni viloyatdan keltirilgan bo‘lsa, hududiy O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi nazoratidan o‘tganligi to‘g‘risidagi fitosanitar sertifikati mavjudligini so‘rash lozim. Chet davlatlardan keltirilgan bo‘lsa, tegishli davlatning muvofiqlik sertifikati borligini talab qilish zarur. Shuningdek, ekishga yaroqlilik muddati o‘tgan-o‘tmaganligiga ham e’tibor qaratish kerak.
Mahalliy dehqonlar tomonidan yetishtirilgan urug‘lardan birinchi navbatda uning tozaligi, zararkunandalar bilan zararlanmaganligiga ishonch hosil qilgach, so‘ng namuna olib unuvchanligini labaratoriya sharoitida sinab, ekishga yaroqliligi xulosasi bo‘yicha ekish tavsiya etiladi.
Ayni paytda bozorlar va xususiy savdo do‘konlarida sotilayotgan ko‘chatlar, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlarining sifati va ekishga yaroqliligi nazorati bo‘yicha Inspeksiya viloyat boshqarmasi, tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan doimiy ravishda tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA