Shveysariyaning YeXHTga raisligi: ishonch, muloqot va hamkorlik
2026-yilda Shimoliy Amerika, Yevropa va Markaziy Osiyodan 57 ta ishtirokchi davlatni birlashtirgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy xavfsizlik tuzilmasi bo‘lgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga (YeXHT) Shveysariya raislik qiladi.
Shveysariyaning mamlakatimizdagi elchixonasi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori xavfsizlik, izchil rivojlanish, samarali boshqaruv hamda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
– Shveysariyaning 2026-yilda YeXHTga raislik qilishi muloqot, ishonch va amaliy hamkorlik tamoyillariga sodiqligimizdan dalolat beradi, – dedi Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy. – Bugungi murakkab xalqaro sharoitda o‘zaro muloqot o‘rnatish va xavfsizlik masalalarini birgalikda hal etishda YeXHT ishtirokchi davlatlar uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Biz ushbu yo‘nalishdagi ishlarni O‘zbekiston hamda YeXHT faoliyat yuritadigan boshqa barcha hududlardagi hamkorlarimiz bilan davom ettirishdan faxrlanamiz.
Shveysariya raisligi YeXHTning muloqot va amaliy hamkorlik maydoni sifatidagi o‘rnini kuchaytirish, mamlakatning betaraflik, vositachilik va diplomatik aloqalar borasidagi an’analariga tayangan holda xavfsizlik tamoyillarini mustahkamlash hamda zamonaviy tahdidlarga har tomonlama samarali choralar ko‘rishga qaratilgan.
Tashkilotning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma yo‘l xaritasi asosida faoliyat yuritadi.
– O‘zbekiston islohotlar va mintaqaviy hamkorlikka qat’iy sodiqligini namoyish etdi. YeXHT davlat institutlarini mustahkamlash, muloqotni kengaytirish va fuqarolarga aniq foyda keltiradigan amaliy sheriklik orqali ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z oldiga maqsad qilgan. Shveysariya raisligi umumiy kun tartibini faolroq ilgari surish uchun muhim imkoniyat yaratadi, – dedi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen.
Shveysariya raisligi davrida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqarorlikni ta’minlash, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ko‘p tomonlama samarali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu jarayonda Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ham samarali hamkorlik qilinadi.
O‘zA