Shunday bo‘lmasligi mumkin edi...
Buxoro viloyatida 2022 yilda bolalar ishtirokida 57 ta yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan. Ularda 10 ta bola halok bo‘lgan, 47 tasi turli tan jarohati olgan.
Nima uchun farzandlarimiz g‘ildiraklar ostida qolib, hayotdan bevaqt ko‘z yumyapti. Buning sababi nimada? Nega ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotgan bunday salbiy holatlarga befarq bo‘lib qolganmiz? Farzandlarimiz shunchalik gapga tushunmaydimi yoki biz kattalar ularga qanday muomala qilishni, qanday tarbiya berishni bilmayapmizmi? Nega va nima uchun degan savollar kishini o‘ylantiradi. Yo‘q, gap aslida biz kattalarning e’tiborsizligimizda. Bolani bola ekanligini unutib qo‘yganligimizda.

– Bilasiz, bolalar niholga o‘xshaydi, – deydi Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. – Niholni esa qaysi tomonga egsangiz o‘sha tomonga qarab o‘sadi. Keling, shu o‘rinda yuqorida aytilgan raqamlarga o‘zgacha bir nigoh bilan qarab, ularni oz bo‘lsada tahlil qilib ko‘raylik. 2022 yilda viloyatda bolalar bilan bog‘liq 57 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligi bir umrga nogiron bo‘lib qoldi. Bu oddiy raqamlar emas. Bu falokatlarda 10 ta norasidaning hayot shamchirog‘i butunlay so‘ndi. Shu 10 nafar begunoh farishtalar kimningdir yaratgandan tilab olgan arzandasi edi. Ularni ham ota-onasi oq yuvib, oq tarab, ne-ne umidlar bilan voyaga yetkazayotgan edi. Ammo, afsuski ularning orzu niyatlari yarim yo‘lda chil parchin bo‘ldi. Farzandlar bir umrga qaytmas bo‘lib, ota-onalariga alamli armon va o‘kinchni meros qoldirdi. Shunday bo‘lmasligi mumkin edi. Shunday bo‘lmasligi shart edi. Lekin, bo‘ldi. Bu bizning ko‘zimizni, qalbimizni ochish, atrofga teran nazar tashlashimiz uchun ham sodir bo‘ldi.

Bilasizmi, yo‘l transporti hodisasi tufayli bir umrga nogironlik to‘shagiga mixlangan bolalarning ko‘zlariga qarash qanchalik og‘ir. Ularning mungli nigohlari bizni so‘roqqa tutadi. Bizning aybimiz nima, nega bizlarni avaylamadingiz, nima uchun biz boshqa tengdoshlarimiz kabi chopqillab yurmasligimiz, orzularimizga yetmasligimiz kerak? Biz ham dunyoni lol qoldirgan Rishod Sobirov, Shaxram G‘iyosov, Abbos Atoyev, Ixtiyor Navro‘zov, Shaxobiddin Zoirovlar kabi Vatanimiz dovrug‘ini olamga yoyishimiz kerak ediku deb so‘rashadi ular. Bu savollarga, bu nigohlarga bardosh berishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu alamli savollar zalvori ulkan tog‘larni ham parchalab tashlaydi.

Hali ham kech emas. Ko‘zimizni ochaylik, kelajagimizni asraylik. Yuz marta gapirgan gapimizni yuz birinchi marta ham gapiraylik. Yuztasi qulog‘iga kirmagan bo‘lsa, bir yuz birinchisi albatta kiradi. Bu ishni “seniki”, “meniki” demasdan, hammamiz bir yoqadan bosh chiqargan holda olib borsak, ko‘zlangan maqsadga yetishamiz. Maktabda o‘qituvchi, uyda ota-ona bolasiga harakatlanish xavfsizligining oddiy, lekin hayot uchun muhim bo‘lgan shartlarini eslatib, o‘rgatib tursa, ko‘cha-kuyda yurganimizda eng avvalo biz o‘zimiz yo‘l harakati qoidalariga rioya qilsak, farzandlarimizga o‘rnak bo‘lsak, qoidabuzarlik qilayotgan bolalarga tanbeh berib, tartibga chaqirib tursak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Qonunlarni hurmat qilib, qoidalarga amal qiluvchilarning yo‘llari doimo ravon bo‘ladi. Uydan chiqqan har bir inson borki, talablarga amal qilib, uyiga, oilasi bag‘riga sog‘-salomat qaytsin. Bu xayrli ishga hammamiz birgalikda kamarbasta bo‘laylik. Yo‘llar hamisha ezgu maqsadlar sari yetaklasin.
Zarif Komilov,
O‘zA