Shumanayda tadbirkorlar xiyoboni ish boshladi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 23 yanvardagi “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Shumanay tumanida tadbirkorlar xiyoboni tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, respublikamizda so‘nggi yillarda tadbirkorlik sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Ularning faoliyatini yanada kengaytirish va liberallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, mahsulotlar eksporti salohiyatini oshirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan muhim islohotlar yanada yuqori darajaga ko‘tarilishida tadbirkorlar xiyoboni muhim ahamiyat kasb etadi. Xiyobonda tadbirkorlar uchun barcha qo‘layliklar yaratilgan. Jumladan, tijorat banklari ofislari, investorlarning biznes loyihalarini muhokama qilish hamda “B2B” uchrashuvlari uchun maxsus xonalar, “kovorking” faoliyati, shuningdek, Wi-Fi zonalar tashkil qilingan.

Tadbirda ishtirok etgan tuman hokimligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi mutasaddilari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari tadbirkorlar xiyobonida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri