Shuhrat Suyunov: Ikki xalq do‘stligi uchun ezgu ishlarni davom ettiramiz
Markaziy Osiyo mintaqasi hozirgi kunda tinch, osoyishta va barqaror rivojlanayotgan makonga aylandi. Bu jarayonda O‘zbekistonning faol tashqi siyosati va Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqada barcha tomonlar manfaatlarini teng hisobga olgan, ishonch va do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan ezgu tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu kabi tashabbuslar ijrosini ta’minlashda “O‘zbekiston – Tojikiston” do‘stlik jamiyati ham o‘z hissasini qo‘shishga intilmoqda.
“O‘zbekiston – Tojikiston” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Shuhrat Suyunov mazkur tashkilot faoliyati va uning asosiy maqsadi haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– Bugun Markaziy Osiyo tinch, osoyishta, barqaror rivojlanayotgan makonga aylandi. Bunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning alohida hissasi bor. Davlatimiz rahbarining mintaqada barcha tomonlar manfaatlarini teng hisobga olgan holda, o‘zaro ishonch, hurmat, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlikni mustahkamlash bo‘yicha ezgu tashabbuslari amaliy natijalarini bermoqda.
O‘zbekiston bilan Tojikistonni umumiy tarix, uzviy ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turadi. Ikki xalq azaldan bir daryodan suv ichgan, qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan. Bizni ikki tilda gaplashuvchi bir xalq deyishadi. Ikki davlat Prezidentlari o‘rtasidagi yaqin va ishonchli aloqalar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda muntazam muloqotlar tufayli ko‘p qirrali mamlakatlarimiz munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Mana shu jarayonda “O‘zbekiston – Tojikiston” do‘stlik jamiyati birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-ma’rifiy, ta’lim-fan sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda. Bugungi kunda “Tojikiston-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati, Sug‘d viloyati O‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi va Tojikistondagi boshqa NNT bilan yaqin hamkorlik qilib keladi.
Qadimiy va madaniy markazlardan biri bo‘lgan Xo‘jand shahrida o‘tgan yilning bahorida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasi do‘stligining timsoli bo‘lgan “Do‘stlik” stelasi tantanali ravishda ochildi. Marosimda uchta davlat rahbarlari qatnashdi. Ushbu yodgorlik qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining ramzi bo‘ldi. Dushanbe va Toshkentda zamonaviy o‘zbek va tojik adabiyotining tanlangan asarlari – antologiyalarini nashr qilishni taklif etgan edi. 2021-yilda “O‘zbekiston-Tojikiston” do‘stlik jamiyati hamda Sug‘d viloyati o‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi jamoatchilik tashkiloti bilan hamkorlikda “Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi” kitobi nashr qilindi.
Kitobdan o‘zbekistonlik va tojikistonlik adiblarning tanlangan asarlari joy olgan. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fondning moliyaviy granti asosida chop etildi.
Ayni kunlarda rejalarimiz yanada ulkan. Hozirda tojikistonlik ijodkor vatandoshlarimizning navbatdagi to‘plamini nashrga tayyorlash ishlarini boshlash arafasida turibmiz. Jamiyatimiz ikki xalqning bir-biriga bo‘lgan do‘stligini mustahkamlash yo‘lidagi ezgu ishlarini davom ettiradi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.