“Shon-sharaf” muzeyiga sayohat
Andijon yuridik texnikumi o‘quvchilari viloyat Ichki ishlar boshqarmasining “Shon-sharaf” muzeyiga sayohat qilishdi.
Mamlakatimizda yosh avlodni vatanparvarlik, tariximizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Andijon yuridik texnikumi o‘quvchilarining Ichki ishlar tizimi tarixi muzeyiga sayohati ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasining “Shon-sharaf” muzeyi eksponatlarga boy maskanlardan biri bo‘lib, bu yerda tizim tarixiga oid mingga yaqin eksponat va ashyolar o‘rin olgan.
[gallery-13824]
Sayohat davomida o‘quvchilarga ichki ishlar tizimining o‘tmishi, shakllanish bosqichlari, muzeyda saqlanayotgan eksponatlar haqida keng ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo, xususan, Andijonning qadimgi davlatchilik xavfsizligidan boshlab, bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li, hududiy xavfsizlik va xalq osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilgan fidoiylar, turli davrlardagi voqea-hodisalar aks etgan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishildi.
Andijonda jamoat tartibini saqlash xizmatining vujudga kelishi, turli yillarga taalluqli xizmat kiyimlari, qurollar va maxsus vositalar, ayniqsa, mustaqillik yillarida tizimda amalga oshirilgan o‘zgarishlar o‘quvchilarda katta taassurotlar qoldirdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.