Shoira va siyosatchi ayol bilan uchrashuv
Abdulla Qodiriy nomidagi Navoiy viloyati Axborot kutubxona markazida “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Aqshagul Tulegenovaning yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab tadbirda so‘zga chiqqanlar A.Tulegenovaning hayot yo‘li va mehnat faoliyati haqida so‘z yuritdi.
1964 yil 20 dekabrda Navoiy viloyati Karmana tumanida tug‘ilgan Aqshagul opa 1994 yilda Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetini tamomlagan. Konimex tumanidagi 5-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ish boshlagan opa keyinchalik Saribel shirkat xo‘jaligida ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, Konimex tumani xalq ta’limi bo‘limida bir necha yillar faoliyat olib bordi. 2017 yilda Aqshagul Tulegenova qozoq milliy madaniyat markazining rahbari etib tayinlandi. 2019 yil 22 dekabrda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2022 yil 1 fevraldagi yalpi majlisida o‘tgan davrdagi faolligi va tashabbuskorligi, sidqidildan qilgan mehnatlari e’tirof etilib, unga “Mehnatkash deputat” maqomi berildi.
Mustaqilligimizning 32 yilligi arafasida esa bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida opaga “El-yurt hurmati” ordeni topshirildi.
[gallery-20913]
– O‘sha kunni yaxshi xotirlayman, hech qachon yodimdan chiqmasa kerak, – deydi A.Tulegenova. – Mukofotning eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz arafasida topshirilishi, qolaversa, shaxsan Yurtboshimizning qo‘llaridan olish har bir inson uchun katta baxt bo‘lsa kerak. Bu orden xotin-qizlarimizga bildirilgan ishonch, e’tirof ramzi.
Navoiy viloyatining Zarafshon shahri, Uchquduq, Tomdi, Konimex, Qiziltepa tumanlaridan saylangan Aqshagul opa deputatlik vakolati davrida har bir hududdagi aholi vakillari bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini o‘rgandi. Bu o‘rganishlar yakunlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan qarorlarda o‘z aksini topdi.
Opa nafaqat siyosiy maydonda, balki adabiy jarayonning ham faol ishtirokchisi. A.Tulegenova O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira. Uning qozoq va o‘zbek tillarida yozgan she’rlari bir necha kitoblarda jam bo‘lgan. Uning hozircha so‘nggi kitobi “Kaftimdagi qaldirg‘och”.
– Garchi 5 yil davomida qonun ijodkorligi bilan shug‘ullansamda, she’r yozishdan to‘xtamadim. She’r, adabiyot mening hayotim, borlig‘im. Qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanish uchun huquq sohasidan xabardorlik qanchalik muhim bo‘lsa, she’rlar bitishda til va adabiyotni puxta bilish shunchalik zarur, – deydi A.Tulegenova.
Bugungi kunda Aqshagul opa ikki farzandni kamolga yetkazib, nabiralari ardog‘ida umr kechirmoqda. Uning kamtarona mehnatlari har doim e’tirof etilgan. “Xalq ta’limi a’lochisi” bo‘lgan opa 2017 yil “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” Respublika festivalida sovrindor bo‘ldi. 2018 yil 8 mart – Xotin-qizlar bayrami arafasida davlatimiz rahbari qo‘llaridan “Mehnat shuhrati” ordenini, 2023 yil mustaqillik bayrami arafasida esa “El-yurt hurmati” ordenini qabul qilib oldi.
– Aqshagulni qariyb 25 yildan buyon taniyman, – deydi mehnat faxriysi, shoir Bobonor Nortojiyev. – U ta’lim tizimida ishlagan davrida ham, deputatlik faoliyatida ham faolligi bilan ajralib turardi. Uning she’rlarida inson, xalq, Vatan va mustaqillikni tarannum qiluvchi jihatlar ko‘p. Albatta, ijod ahli borki, o‘z ona yurtining go‘zalligi, sevgi va muhabbat iztiroblarini, hayot manzaralarini o‘ziga xos badiiy bo‘yoqlar, kutilmagan tashbehlar uyg‘unligida ifodalashga harakat qiladi. Aqshagulning o‘z ohangi, o‘z aytar so‘zi va qarashlari bor. Uning she’rlarida jo‘shqin ramziylik bo‘lib, bu she’riyatning yorqin bezaklaridan biridir.
Uchrashuvda Navoiy davlat universitetining rus va qozoq filologiyasi fakulteti talabalari tomonidan shoiraning she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari