Shogirdlarim yutug‘idan faxrlanaman
Badiiy gimnastika nafaqat sport turi, balki nafosat va go‘zallikni mujassam etgan san’at hamdir.
Badiiy gimnastika nafaqat sport turi, balki nafosat va go‘zallikni mujassam etgan san’at hamdir.
Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiyi Taliya Abduramanova buni juda yaxshi biladi. Prezidentimizning farmoniga muvofiq, 2013-yilda u mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol voyaga yetkazishga qo‘shgan salmoqli hissasi, ko‘p yillik samarali mehnati va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Uning gimnastikaga qiziqishiga ko‘proq oiladagi sog‘lom turmush tarzi, badiiy gimnastika bilan shug‘ullanadigan opasi sababchi bo‘lgan. Maktabni bitirgach, hayotini ushbu nafis sport turi bilan bog‘lash maqsadida Toshkent davlat jismoniy tarbiya instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti)ga o‘qishga kirdi. Mana, 30-yildirki, badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlab kelmoqda.
– Ochig‘ini aytsam, o‘zimning yutuqlarimdan ko‘ra shogirdlarimning muvaffaqiyatidan ko‘proq faxrlanaman, – deydi T.Abduramanova. – Bugun bor bilim va tajribamni, kuch-g‘ayratimni xalqaro toifadagi gimnastikachilarni tayyorlashga sarflamoqdaman.
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, bolalar sportini ommaviy, umumxalq harakatiga aylantirishdek xayrli maqsadga erishish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotir. Istiqlol yillarida o‘zbekistonlik sportchilar nufuzli xalqaro musobaqalarda erishayotgan yutuqlari bilan yoshlarimiz hech kimdan kam emasligini isbotlamoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida barpo etilgan va xalqaro andozalar darajasida jihozlangan zamonaviy sport majmualarida tajribali murabbiylar minglab bolalarga mahorat sirlarini o‘rgatmoqda. O‘smirlar va milliy terma jamoalarimiz safi viloyatlardan yetishib chiqayotgan iqtidorli sportchilar bilan kengayib bormoqda.
Davlatimiz tomonidan sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor o‘z samarasini berayotir. O‘nlab eng yaxshi sportchilarimiz xalqaro musobaqalar va turnirlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Jamila Rahmatova, Valeriya Davidova, Ravilya Farxutdinova kabi ko‘plab iste’dodli gimnastikachi qizlarimiz davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Yaqinda Anastasiya Serdyukova Moskvada bo‘lib o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha xalqaro turnirda eng yaxshi gimnastikachilar uchligidan o‘rin egalladi.
– Muvaffaqiyatlar bilan qanoatlanib qolmasdan, yanada ko‘proq mehnat qilishimiz, bugungidan-da yuksak marralar sari intilishimiz zarur, – deydi T.Abduramanova. – Joriy yilda jahon chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rib, olimpiadada qatnashish huquqini beradigan litsenziyaga imkon qadar ko‘proq ega bo‘lish eng asosiy vazifamizdir. Bundan tashqari, badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi va Osiyo chempionatlarida ham mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishimiz kerak. Mamlakatimizda badiiy gimnastikani yanada rivojlantirish borasida qilinayotgan ulkan ishlarga munosib javob berish uchun bor imkoniyat va salohiyatimizni safarbar qilishimiz talab etiladi. Sport, xususan, gimnastika inson salomatligini mustahkamlaydi. Ayniqsa, yoshlarni jismonan toblaydi, ularda maqsad sari qat’iy intilish, o‘z kuchiga ishonch tuyg‘ularini yuksaltiradi.