Shogirdlari kamolidan masrurlik
Nukus shahridagi 31-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Tamara O‘rozova qariyb 30-yildan buyon yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Muallima kasbiga bo‘lgan sadoqati, bilimi va yoshlarga mehribonligi bilan jamoada katta hurmat-e’tibor qozongan.
Nukus shahridagi 31-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Tamara O‘rozova qariyb 30-yildan buyon yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Muallima kasbiga bo‘lgan sadoqati, bilimi va yoshlarga mehribonligi bilan jamoada katta hurmat-e’tibor qozongan.– Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilgan tub islohotlar, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, har tomonlama barkamol ulg‘ayishi yo‘lida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar yuksak samaralar bermoqda, – deydi Tamara O‘rozova. – Maktabimizdagi barcha sinfxonalari, sport zali zarur o‘quv vositalari, eng so‘nggi rusumdagi komputerlar bilan jihozlangan. O‘g‘il-qizlarga til o‘rgatishda lingafon xonalari, multimedia dasturlari, elektron taxtalardan keng foydalaniladi. Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida maktabda ingliz tili to‘garagi faoliyati ham takomillashtirildi. Mashg‘ulotlar zamonaviy ko‘rgazmali qurollar yordamida interfaol usullarda olib borilmoqda. 8-sinf o‘quvchisi Otabek Sarsenboyev o‘tgan o‘quv yilida ingliz tili bo‘yicha “Bilimlar bellashuvi”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi. Uning sinfdoshi Bibimaryam Nuratdinova va 7-sinf o‘quvchisi Nilufar Niyatboyeva “Ingliz tili bilimdonlari” tanlovining Nukus shahar bosqichida sovrindor bo‘ldi.
– Yuzga yaqin o‘qituvchi mingdan ziyod o‘g‘il-qizga ta’lim-tarbiya berayotgan maktabimizda “ustoz-shogird” an’anasi yo‘lga qo‘yilib, pedagoglarning o‘zaro tajriba almashishi, malaka oshirishiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi oliy toifali o‘qituvchi Guloyim Akimniyozova. – Men ustozim Tamara opadan juda ko‘p narsa o‘rgandim. Opa biz, yosh o‘qituvchilarga hamisha g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, bilmaganlarimizni o‘z vaqtida o‘rgatib boradi.
Bugun ozod va farovon yurtimizda yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol etib tarbiyalash yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan Tamara O‘rozova singari pedagoglar juda ko‘p. O‘qituvchi va murabbiylarning mehnati munosib rag‘batlantirilib, tashabbus va g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanayotgani ularni yoshlarimizni Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov orzu qilganidek har tomonlama barkamol voyaga yetkazishga undamoqda.